O‘zbekiston Prezidenti Tojikiston bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi

    Hukumat 12 May 2023 5009

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-may kuni qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi.

    O‘zbekiston-Tojikiston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi, amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

    Suhbat avvalida Bosh vazir Qohir Rasulzoda davlatimiz rahbariga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

    Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo va yuk tashish hajmi ortmoqda, muvaffaqiyatli kooperatsiya loyihalari ko‘paymoqda. Yaqin hududlararo aloqalar yo‘lga qo‘yilgan, madaniy-gumanitar almashinuvlar faol amalga oshirilmoqda.

    Tovar ayirboshlashni oshirish, energetika, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, transport, qazib chiqarish, to‘qimachilik, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda istiqbolli loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

    Shu ma’noda, bugun Toshkent shahrida ikki mamlakat bosh vazirlari raisligida o‘tkazilgan qo‘shma Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi qarorlarini amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.