Uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga raisligi doirasidagi ustuvor vazifalar ijrosining borishi ko‘rib chiqildi.
Bosh kotib Tashkilot rivojida yangi davrni boshlab bergan tarixiy Samarqand sammiti natijalarini yuksak baholadi.
Savdoni va bojxona tartibotlarini soddalashtirish, Investitsiya fondini tashkil etish bo‘yicha bitimlar imzolandi.
Samarqand “Turkiy sivilizatsiya poytaxti”, deb e’lon qilindi. Ilk bor Alisher Navoiy mukofoti topshirildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotining to‘laqonli a’zosi bo‘ldi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan 2023-yil “Turkiy sivilizatsiyaning yuksalish yili”, deb e’lon qilingani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Raislikning institutsional islohotni amalga oshirish “yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoni”ni yaratish, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida Bosh kotib Tashkilot doirasidagi sheriklik salohiyatini amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.