O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi bilan telefon orqali muloqot qildi

    Hukumat 29 Dekabr 2022 5539

    29-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

    Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yo‘lladi.

    O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

    Joriy yilning 14-15-iyul kunlari Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi hamda 20-21-oktabr kunlari O‘zbekiston Prezidentining Turkmanistonga rasmiy tashrifida, shuningdek, ko‘p tomonlama tashkilotlar doirasidagi uchrashuvlarda erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

    Barcha ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlik ancha faollashgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Savdo hajmi oshmoqda, sanoat, energetikada kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, samarali hududlararo aloqalar rivojlanmoqda, madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari ro‘yobga chiqarilmoqda.

    Parlamentlararo muloqot, shu jumladan Markaziy Osiyo mintaqasida yangi darajaga ko‘tarilgani ta’kidlandi.

    Suhbat yakunida O‘zbekiston Prezidenti va Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bilan bir-birini samimiy qutlab, qardosh xalqlarimizga farovonlik, tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilaklarini bildirdilar.