баннер
16 Apr 2025
11:35

    O‘zbekiston Prezidenti va YTTB rahbari strategik sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi

    Mamlakatimizning ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan keng ko‘lamli hamkorligini yanada rivojlantirishning amaliy jihatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.

    O‘zbekiston va YTTB o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Ustuvor tarmoqlardagi qo‘shma loyihalar portfeli barqaror kengayib bormoqda. Bankning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritgan jami investitsiyalari 5 milliard yevrodan oshdi, jumladan, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra qariyb 1 milliard yevroni tashkil etdi. Moliyaviy ko‘makning asosiy hajmi xususiy sektorga to‘g‘ri kelmoqda.

    Mamlakatimiz bo‘yicha o‘rta muddatli Sheriklik strategiyasi samarali amalga oshirilmoqda. YTTB ekspertlari ko‘magida bank sohasini transformatsiya qilish va biznes uchun imkoniyatlarni kengaytirish choralari ko‘rilmoqda.

    Uchrashuvda loyihalarning ijrosi sifatini yaxshilash va samaradorligini oshirish bo‘yicha birgalikdagi ishlar o‘z natijasini berayotgani qayd etildi. Jarayonlarni maqbullashtirish va loyihalarni tayyorlashni tezlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

    Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, shu jumladan ta’lim, suv ta’minoti, maishiy chiqindilarni qayta ishlash kabi muhim yo‘nalishlarda kengaytirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.

    "Yashil" iqtisodiyot, uglerod chiqindilarini kamaytirish, raqamlashtirish va sun’iy intellekt, ipoteka bozori, transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish va boshqa sohalardagi dastur va loyihalar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

    Joriy yil iyun oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish yuzasidan ham fikr almashildi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech