Muloqot chogʻida oxirgi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasida vaziyat keskinlashayotgani, mamlakatdagi turli infratuzilma obyektlariga berilgan zarbalardan jiddiy xavotir bildirildi. Bunday salbiy harakatlar xalqaro huquq tamoyillariga zid ekanligi va ushbu sinovli damlarda Oʻzbekiston birodar Kuvayt xalqi bilan birdam hamda yelkadosh ekani taʼkidlandi.

Aholining tinchligi va osoyishtaligiga jiddiy xavf tugʻdiradigan har qanday xatti-harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish zarurligi qayd etildi.

Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari bu yerda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolariga koʻrsatilayotgan amaliy yordam uchun alohida tashakkur aytdi. Shuningdek, Kuvayt Amiri Mishʼal al-Ahmad al-Jobir as-Saboh Aʼlo Hazratlariga iliq salomlarini yoʻlladi.

Oʻz navbatida Kuvayt Valiahdi hozirgi qiyin vaqtda izhor etilgan doʻstona qoʻllab-quvvatlash va birdamlik tuygʻulari uchun Oʻzbekiston yetakchisiga mamlakat rahbariyati va xalqi nomidan chuqur minnatdorlik izhor etdi.