баннер
Sayt test rejimida ishlamoqda
Лого Лого-пв-уз

    Oʻzbekiston Prezidenti va Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti hamkorlikning dolzarb masalalarini koʻrib chiqdilar

    Hukumat 7 May 2021 3189

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-may kuni Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

    Yetakchilar Gʻalaba kuni va yaqinlashib kelayotgan muborak Ramazon hayiti bilan bir-birlarini samimiy tabriklab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

    Suhbatda Oʻzbekiston-Qozogʻiston koʻp qirrali hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi, Markaziy Osiyodagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

    Turli darajalardagi faol va samarali ikki tomonlama muloqotlar tufayli hamkorlik ijobiy surʼatda rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 28 foizga oʻsdi. Oʻtgan oyda chegaraoldi hududlardan birida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha xalqaro markaz qurilishi boshlandi.

    Ustuvor investitsiya va infratuzilma loyihalarini birgalikda tayyorlash va amalga oshirish, jumladan, Uchquduq–Qiziloʻrda avtomobil va temir yoʻllari hamda Turkiston-Toshkent tezyurar temir yoʻlini qurish ishlari olib borilmoqda.

    Ikki mamlakat hududlari yaqindan hamkorlik qilmoqda, madaniy-gumanitar almashinuv borasidagi muhim dasturlar davom ettirilmoqda.

    Oʻzbekiston Prezidenti va Elboshi birodar xalqlar va mamlakatlar oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari, ishonch va sheriklik ruhidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida keng koʻlamli va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirish muhim ekanini alohida taʼkidladilar.