Uchrashuv avvalida Singapur Prezidenti davlatimiz rahbariga O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelish taklifi va Singapur delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan iliq qabul uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Bo‘lajak O‘zbekiston Prezident saylovida katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Ushbu oliy darajadagi tashrif ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 25 yil ichida birinchisi ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning yanvar oyida Singapurga amalga oshirgan tarixiy tashrifi yakunida hamkorlikning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha erishilgan barcha kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Muzokaralarda siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, davlat boshqaruvi sohasida kadrlar tayyorlash dasturlarini amalga oshirish, jamoat xavfsizliki va madaniy-gumanitar almashinuv borasidagi muloqotlarni faollashtirish masalalariga katta e’tibor qaratildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda katta yutuqlarga erishilayotgani alohida ta’kidlandi.
Joriy yil boshidan o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari bir necha barobar oshdi. Singapur O‘zbekistonning eng yirik investorlari safiga kirdi.
Bugungi kunda Singapurning “Indorama”, “Meinhardt Group”, “Franklin Templeton”, “Enercon”, “PSA”, “Changi Airport” va boshqa yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda kimyo va to‘qimachilik sanoati, transport va logistika, shaharsozlik, ta’lim xizmatlari, xususiylashtirish sohalarida 3,8 milliard dollarlik loyihalarning amalga oshirilishi faol pallaga kirgan.
Iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari batafsil ko‘rib chiqildi. Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasidagi O‘zbekiston-Singapur biznes-forumi natijalari savdo, logistika, innovatsiyalar, energetika, sog‘liqni saqlash kabi sohalarda yetukchi kompaniyalarning investitsiyaviy sherikligini kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va oziq-ovqat mahsulotlarining Singapur bozoriga yetkazib berilishini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar gumanitar loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga qat’iy intilishini bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi negizida tashkil etilgan qo‘shma ta’lim markazi doirasida Singapurning davlat boshqaruvi va boshqaruv kadrlarini tayyorlash borasidagi tajribasini joriy etish muhimligi ta’kidlandi.
Singapurning O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari faoliyati hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi muntazam madaniy, ta’lim va turizm almashinuvlarning kengayishi qo‘llab-quvvatlandi.
Davlat rahbarlari Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoda mintaqaviy integratsiyaning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashib, xalqaro maydonda, eng avvalo BMT doirasida hamda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayonida o‘zaro anglashuv va qo‘llab-quvvatlash darajasi yuqori ekanini qayd etdilar.
Muzokaralar ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida o‘tdi.