O‘zbekiston Prezidenti Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qo‘mitasi Raisi bilan uchrashdi

    Hukumat 18 Oktabr 2023 3384

    Xitoyga tashrif tadbirlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qo‘mitasi Raisi Van Xunin bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Suhbatda Xitoy tomoni davlatimiz rahbari “Makon va yo‘l” uchinchi xalqaro forumida ilgari surgan muhim tashabbuslarni yuksak baholadi va buning uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

    O‘zbekiston-Xitoy do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.

    Konstruktiv siyosiy muloqotning bugungi darajasi va xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro ko‘mak alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Samarqand va Sian shaharlarida o‘tgan sammitlar davomida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.

    Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik ijobiy sur’at bilan rivojlanib bormoqda. Hududlar o‘rtasidagi aloqalar faollashdi. Oxirgi oylarda O‘zbekistonga Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududi, Shandun, Shensi, Szyansu va Szyansi muzofotlari delegatsiyalari tashrif buyurdi.

    Madaniy-gumanitar aloqalar va ta’limdagi almashinuvni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.