O‘zbekiston Prezidenti xorijiy elchilardan ishonch yorliqlarini qabul qildi

    Hukumat 12 Aprel 2023 6487

    Davlatimiz rahbari mamlakatimizga yangi tayinlangan diplomatik missiyalar rahbarlarini samimiy qutlab, O‘zbekistondagi faoliyatini boshlagani bilan tabrikladi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-aprel kuni bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda favqulodda va muxtor elchilar - Falastin Davlatidan Javad Avvad, Yaponiyadan Xatori Takashi, Qatar Davlatidan Hasan Hamza Hoshim, Slovakiya Respublikasidan Viktor Boretski va Pokiston Islom Respublikasidan Ahmad Farukning ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

    Davlatimiz rahbari mamlakatimizga yangi tayinlangan diplomatik missiyalar rahbarlarini samimiy qutlab, O‘zbekistondagi faoliyatini boshlagani bilan tabrikladi.

    Prezidentimiz o‘z nutqida ochiq va pragmatik tashqi siyosatni amalga oshirayotgan Yangi O‘zbekiston xalqaro maydonda yangi marralarga erishayotgani, do‘stlar va ishonchli hamkorlar safini kengaytirayotganini ta’kidladi. Mamlakatimizda yangi elchixonalar ochilmoqda, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari geografiyasi ham kengaymoqda. Yaqinda yurtimizning Shvetsiya va Vengriyada elchixonalari ochildi, Toshkentda Qatar Davlatining diplomatik missiyasi o‘z ishini boshladi.

    Mamlakatimizdagi yangilanishlar jarayoni to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, O‘zbekiston yetakchisi keyingi yillarda “inson – jamiyat - davlat” tamoyili asosida huquqiy demokratik davlatni barpo etish, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va maqsadlariga alohida to‘xtaldi.

    Bunday keng ko‘lamli o‘zgarishlar mamlakatni tubdan isloh qilishni, kompleks siyosiy, iqtisodiy va ma’muriy yangilanishlarni izchil olib borishni talab etadi. Konstitutsiyamizni Yangi O‘zbekiston voqeligiga mos ravishda yangilash jarayoni bu yo‘ldagi katta qadamdir.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Asosiy qonunning yangi tahririni tayyorlash doirasida keng jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilgani, tajribali mutaxassis va olimlar, xorijiy hamkorlar, ixtisoslashgan xalqaro institutlar va tahliliy markazlarning takliflari hisobga olinganini qayd etdi.

    O‘zbekiston yetakchisi ziddiyatlar va mojarolar keskinlashib borayotgan murakkab xalqaro vaziyat sharoitida barcha mamlakatlar bilan o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan tashqi siyosatni amalga oshirishning ahamiyati tobora ortib borayotganini alohida ta’kidladi.

    Qayd etilganidek, mamlakatimiz yetakchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, global moliyaviy institutlar bilan sheriklikni mustahkamlamoqda, Turkiy davlatlar tashkilotida samarali raislikni amalga oshirmoqda va joriy yilda ilk bor Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitini qabul qilmoqda. O‘ndan ziyod yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

    - Xalqaro hamjamiyat uchun yanada ochiq va samimiy hamkor bo‘lishga astoydil intilamiz. Buning uchun bizda siyosiy iroda, qat’iyat, eng muhimi, imkoniyat va yetarli salohiyat bor, - dedi Prezident.

    Marosim davomida davlatimiz rahbari yangi elchilar vakillik qilayotgan mamlakatlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

    Falastin – O‘zbekistonning Yaqin Sharqdagi an’anaviy hamkorlaridan biri. Xalqlarimizni ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari, mushtarak diniy va madaniy qadriyatlar o‘zaro bog‘lab turadi.

    Qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, farmatsevtika va to‘qimachilik sohalarida hamkorlik uchun katta salohiyat borligi ta’kidlandi.

    O‘zaro manfaatli almashinuvlarni rivojlantirish uchun Falastin davlat tashkilotlari va xususiy biznes vakillarining mamlakatimizga tashriflarini tashkil etish taklif qilindi.

    Yaponiya elchisiga murojaat qilar ekan, davlatimiz rahbari Tokio O‘zbekistonning vaqt bilan sinalgan strategik sherigi ekanini, ushbu mamlakat bilan munosabatlar o‘zaro ishonch ruhida rivojlanib borayotganini qayd etdi.

    Yaponiya yurtimiz iqtisodiyoti, sanoati va infratuzilmasini texnologik modernizatsiya qilishda faol ishtirok etayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. 2019 yil dekabr oyida o‘tgan va uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratgan O‘zbekiston-Yaponiya sammiti tarixiy voqea bo‘lgani qayd etildi.

    Oliy darajadagi va vazirliklar o‘rtasidagi muntazam muloqotlar tomonlarning amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligi yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Rejalashtirilgan ko‘p tomonlama tadbirlar, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, shuningdek, “Markaziy Osiyo – Yaponiya” muloqoti ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklikni izchil davom ettirishda muhim ahamiyatga ega.

    Qatar Davlati biz uchun yaqin do‘st, nafaqat arab-musulmon olamida, balki butun dunyoda katta nufuz va ta’sirga ega mamlakat.

    Prezidentimiz Qatar Amir Shayx Tamim bin Hamad Ol Taniy rahbarligida erishayotgan katta muvaffaqiyatlarni yuksak baholadi, futbol bo‘yicha jahon chempionati va Doxada BMTning eng kam rivojlangan mamlakatlar bo‘yicha konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.

    Hamkorlik istiqbollarini baholar ekan, davlatimiz rahbari bu borada katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

    Bo‘lajak O‘zbekiston-Qatar sammiti ikki mamlakat munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqish sari tarixiy qadam bo‘lishiga ishonch bildirildi.

    Ta’kidlanganidek, energetika, qazib chiqarish, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, qurilish, ekologik turizm va farmatsevtika sohalaridagi yirik qo‘shma loyihalar savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashda katta ahamiyatga ega bo‘ladi.

    O‘zbekiston Slovakiyani Yevropa Ittifoqida salmoqli iqtisodiy salohiyatga ega istiqbolli hamkorlaridan biri sifatida qabul qiladi.

    Prezidentimiz do‘stlik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan O‘zbekiston-Slovakiya munosabatlari yangi loyihalar va aniq dasturlar bilan boyib, izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

    Keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi va qo‘shma korxonalar soni 2 baravar ko‘paygani bundan dalolat beradi.

    O‘zbekiston investitsiya sohasida, shu jumladan tibbiyot, farmatsevtika va kimyo tarmoqlarining yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda aniq loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor.

    Siyosiy, iqtisodiy va harbiy salohiyati muttasil oshib borayotgan Pokiston bilan munosabatlar ikki mamlakat yetakchilarining muntazam muloqotlari tufayli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

    Transport, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, farmatsevtika va boshqa tarmoqlardagi hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. O‘zaro savdo hajmini yaqin istiqbolda 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha yo‘l xaritasi qabul qilingan.

    Afg‘onistonda iqtisodiy tiklanishga ko‘maklashish borasidagi qo‘shma sa’y-harakatlar, shu jumladan Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini tezda boshlash Janubiy va Markaziy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

    Davlatimiz rahbari Pokiston tomoniga BMT shafeligida Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro muzokara guruhini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.

    So‘zining yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yangi tayinlangan xorijiy diplomatik missiyalar rahbarlariga mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

    Tadbir doirasida har bir elchi bilan qisqa suhbat bo‘lib o‘tdi. Chet ellik diplomatlar ular vakillik qilayotgan mamlakatlar yetakchilarining O‘zbekiston rahbari va xalqiga samimiy salomi va ehtiromini yetkazdi. Yurtimizda ularning diplomatik faoliyatiga yaratilgan sharoitlar hamda bugungi tadbirda ko‘rsatilgan iliq qabul va alohida e’tibor uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

    Elchilar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan aniq taklif va tashabbuslar o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishda ulkan amaliy ahamiyatga ega ekanini hamda O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli hamkorlik va samarali sheriklikni yanada rivojlantirishga bor kuch-g‘ayrati va tajribasini ishga solishga tayyorligini ta’kidladi.