O‘zbekiston Prezidenti XXR hududlari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi

    Hukumat 29 Mart 2023 5031

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-mart kuni Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi Siyosiy byurosi aʼzosi, Shinjon-Uygʻur avtonom rayoni Kompartiyasi Partqoʻmi kotibi Ma Sinjuy boshchiligidagi XXR delegatsiyasini qabul qildi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston hududlari va SHUAR oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi.

    O‘zbekiston hududlarida Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qayta tiklanuvchi energetika, transport infratuzilmasini rivojlantirish, sanoat parklari va qishloq xo‘jaligi klasterlarini tashkil etish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari e’tibor markazida bo‘ldi.

    Uchrashuv avvalida Ma Sinjuy XXR Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini hamda Xitoy rahbari lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan yo‘llangan samimiy tabriklar uchun minnatdorlik bildirdi.

    Uchrashuvda o‘tgan yil sentyabr oyida Samarqand shahrida o‘tgan va O‘zbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarida yangi davrni boshlab bergan tarixiy sammitning sermahsul natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

    “O‘zbekiston – Qirg‘iziston - Xitoy” temir yo‘lini qurish loyihasini jadallashtirishda ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlandi.

    Toshkent, Samarqand va boshqa viloyatlarimizning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni bilan, shu jumladan savdo, logistika, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, turizm va ta’lim sohalarida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi aytildi.

    Davlatimiz rahbari o‘zaro muloqot va almashinuvni faollashtirish, tashrif va biznes forumlarini tashkil etish, ustuvor loyiha va dasturlarni ilgari surish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi”gni qabul qilish yuzasidan topshiriqlar berdi.