O‘zbekiston Prezidenti XXR Raisi Si Szinpinni lavozimiga qayta saylangani bilan tabrikladi

    Hukumat 10 Mart 2023 5756

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga Butunxitoy xalq vakillari yig‘inining 14-chaqiriq birinchi sessiyasida oliy lavozimga qayta saylangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi.

    Davlatimiz rahbarining qutlovida so‘nggi yillarda Xitoy Si Szinpin rahbarligida barcha soha va tarmoqlarda misli ko‘rilmagan natijalarga erishgani, ilmiy-texnologik, innovatsion va ijtimoiy rivojlanishda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgani alohida ta’kidlangan.

    Xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga XXR Raisining qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasi qayd etilgan.

    Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan davlatlarimizning ko‘p qirrali hamkorligi bundan keyin ham xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida jadal rivojlanib borishiga ishonch bildirilgan.

    O‘zbekiston Prezidenti Si Szinpinga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan zafarlar, do‘st Xitoy xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, bardavom ravnaq va farovonlik tiladi.