O'zbekiston Prezidentining maqolasi Quvaytda chop etildi

    Quvaytning etakchi "Al-Anba" gazetasi va ommabop “Q8 Press” elektron nashrining veb-sahifasda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o'zaro bog'liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali kontseptual maqolasi bosilib chiqdi.

    Ushbu maqola ShHTning Samarqandda o'tadigan sammiti, tashkilotning tarixi, ahamiyati va salohiyati, maqsad va vazifalari, shuningdek, uning doirasidagi hamkorlikning asosiy tamoyillari tafsilotlariga bag'ishlangan.

    Maqolada O'zbekistonning ShHT ishtirokchisi va amaldagi raisi sifatidagi ustuvorliklariga alohida e'tibor qaratilgan.

    “Bizning asosiy shiorimiz – “Har birimiz kuchli bo'lsakkina ShHT kuchli bo'ladi”. Uni amalda ro'yobga chiqarish yo'lida Tashkilotni yanada kuchli va xalqaro hamkorlarimiz uchun yanada jozibador bo'lishiga erishish uchun jiddiy harakat qildik”, deb yozadi nashr davlatimiz rahbari bildirgan fikrlardan iqtibos keltirar ekan.

    Ushbu maqola Rossiya, Malayziya, Pokiston, Eron, Turkmaniston va boshqa qator davlatlarning ommaviy axborot vositalarida ham e'lon qilingan.