Unda qayd etilganidek, Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida ushbu formatda olib borilayotgan muloqot tufayli doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, mintaqada mutlaqo yangi konstruktiv hamkorlik muhitini yaratishga muvaffaq boʻlinganini taʼkidladi.

“Markaziy Osiyoning xavfsizligi va barqarorligini, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlash boʻyicha murakkab vazifalarni izchil hal etib kelmoqdamiz”, deya Oʻzbekiston Prezidentining soʻzlaridan iqtibos keltiradi nashr.

Maqolada Oʻzbekiston yetakchisi oʻz nutqida xalqaro tartibotning oqibatlarini oldindan aytish qiyin boʻlgan shiddatli transformatsiya jarayonlari kuzatilayotganiga hamda global miqyosda muloqot va ishonch taqchilligi tobora ortib borayotganiga guvoh boʻlayotganiga eʼtibor qaratgani alohida qayd etilar ekan, Oʻzbekiston rahbari jahon iqtisodiyotidagi inqirozli holatlar kuchayib borayotgani natijasida mintaqa mamlakatlari anʼanaviy logistika zanjirlari uzilishi bilan bogʻliq muammoga duch kelayotgani, inflyatsiyaning importi ortayotgani, oziq-ovqat va energetika xavfsizligiga nisbatan xavf-xatarlar bir necha bor koʻpayayotganini taʼkidlagani qalamga olingan.

“Shavkat Mirziyoyev savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida hududlararo toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik borasidagi salohiyatdan kengroq foydalanish va har yili Markaziy Osiyo hududlari forumini oʻtkazishni yoʻlga qoʻyishni taklif etdi”, deb yozadi “Askanews”.

Shuningdek, maqolada davlatimiz rahbari mintaqa mamlakatlarida yetarli miqdorda ishlab chiqarilayotgan keng turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan aholini kafolatli taʼminlashning kompleks tizimini birgalikda ishlab chiqish muhimligiga eʼtibor qaratgani hamda Afgʻonistonda uzoq muddatli tinchlikni taʼminlashga va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish masalalarida yaqindan hamkorlikni davom ettirish Markaziy Osiyo davlatlari uchun eng muhim ustuvor yoʻnalish boʻlib qolishi kerakligini taʼkidlagani ham oʻquvchilarning eʼtiboriga havola qilingan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.