Mazkur tashabbusning ahamiyati bugungi kunda dunyoning turli nuqtalarida kuzatilayotgan qurolli toʻqnashuvlar va ularda MDHga aʼzo davlatlar fuqarolarining ishtirok etishi bilan bogʻliq.
Shu nuqtayi nazardan, hozirda va yaqin kelajakda MDH makonida ekstremizm va terrorizm xavfsizlikka asosiy tahdid sifatida koʻrilmoqda. Ayni paytda, ushbu yoʻnalish MDHni 2030-yilgacha yana-da rivojlantirish konsepsiyasidan alohida oʻrin egallaganini ham qayd etish lozim.
Shu bilan birga, Hamdoʻstlik mamlakatlarining har biri qurolli toʻqnashuvlar hududlarida boʻlgan oʻz fuqarolarini deradikalizatsiya qilish boʻyicha oʻziga xos tajribaga ega. Masalan, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Rossiya va Tojikiston Suriya va Iroqdan mingdan ortiq fuqarolarini oʻz vataniga qaytarishdi. Ushbu sohadagi keyingi hamkorlik mazkur shaxslarni ijtimoiy moslashuvi boʻyicha samarali va muvofiqlashtirilgan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga imkon beradi.
Aytish joizki, MDHning Aksilterror markazi Hamdoʻstlik davlatlarining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashdagi saʼy-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan muvofiqlashtiruvchi tuzilma vazifasini bajaradi. Mazkur markaz bu borada turli konseptual dasturlarni ishlab chiqish tajribasiga ega.
Shuningdek, MDHda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashga qaratilgan oʻrta muddatli strategiyalarni qabul qilish boʻyicha samarali amaliyot yaratilgan. Masalan, 2019-yilda mazkur yoʻnalishda MDHga aʼzo davlatlarning 2020-2022-yillarga moʻljallangan dasturi qabul qilindi. Biroq, ushbu hujjat ekstremistik harakatlarga aloqador shaxslarni deradikalizatsiya qilish boʻyicha hamkorlik choralarini oʻzida aks ettirmadi.
Shu bois, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu sohadagi tashabbusi radikal gʻoyalarga qarshi kurashish, shuningdek ekstremizm va terrorizmda aybdor deb topilgan shaxslarning profilaktikasi va reabilitatsiyasi masalalarini MDH kun tartibiga kiritishi dolzarb va strategik ahamiyatga ega.
Aniq ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu tashabbusning ijobiy natijalariga yaqin kelajakda guvoh boʻlish mumkin.
Temur AHMEDOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti boʻlim rahbari