Oʻzbekiston professional boks federatsiyasi Osiyo WBC boks ittifoqiga, bu esa oʻz navbatida avtomatik tarzda Butunjahon boks uyushmasi (WBC)ga qabul qilindi. Bu haqda Oʻzbekiston professional boks federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

“Biz ulkan mamnuniyat ila Oʻzbekiston professional boks federatsiyasining safimizga rasman qabul qilinganini eʼlon qilyapmiz. WBC va Oʻzbekiston oʻrtasida keng qamrovda hamkorlik oʻrnatiladi. Isteʼdodli, kelajagi porloq sifatida qaralayotgan professional bokschilarga WBC shafeligida oʻtkaziladigan mintaqaviy chempionatlar, boks oqshomlarida ishtirok etish uchun amaliy koʻmak beriladi. Shuningdek, Oʻzbekiston hududida ham WBC bayrogʻi ostidagi boks kechalari oʻtkaziladi”, deyiladi WBC-ABC prezidenti Kovit Bxakdibxumi tomonidan imzolangan maktubda.