Oʻzbekiston Qahramoni Hasan Normurodov vafot etdi

    Tashvishli xabar 24 Aprel 2021 1497

    Oʻzbekiston Qahramoni, Oliy Majlis Senati aʼzosi Hasan Normurodov vafot etdi.

    Hasan Normurodov uzoq yillar xalq taʼlimi tizimida ishlagan. Keyinchalik “Nuroniy” jamgʻarmasining Samarqand viloyati boʻlimi raisi sifatida mehnat faxriylarini ijtimoiy himoya qilish ishlariga katta hissa qoʻshgan. Soʻnggi kunlarda Samarqand viloyati Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari vazifasida ishlab kelayotgandi.

    82 yashar Hasan Normurodov jonkuyar va samimiy inson sifatida viloyat aholisi oʻrtasida hurmat qozongan. 2019-yilda Prezidentimiz farmoniga koʻra “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

    Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filialida davolanayotgan Hasan Normurodovni yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev borib koʻrgan edi.

    “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati jamoasi marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.