O‘zbekiston Qahramoni Lolaxon Murotova vafoti munosabati bilan hamdardlik

    Tashvishli xabar 30 May 2022 2532

    Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi og‘ir judolikka uchradi.

    Mashhur fermer, Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, taniqli jamoat arbobi Lolaxon Murotova og‘ir kasallikdan so‘ng shu yil 30-may kuni 64 yoshida vafot etdi.

    Butun mamlakatimizning g‘urur va iftixori bo‘lgan Lolaxon Murotova 1958-yil 9-martda Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng mehnat faoliyatini Oltiariq tumanidagi “Nurobod” jamoa xo‘jaligida mexanizator sifatida boshladi, o‘z hayotini mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmog‘i bo‘lgan qishloq xo‘jaligi bilan bog‘ladi.

    Yoshlik yillaridan boshlab dehqonchilik ilmini puxta o‘rgangan L. Murotova jamoa xo‘jaligida bosh pudratchi, bo‘lim boshlig‘i, xo‘jalik raisi kabi lavozimlarda fidokorona mehnat qilib, ishni tashkil etish, mo‘l hosil yetishtirish, xo‘jalikni samarali boshqarish sohasida katta tajriba orttirdi.

    Fermerlik harakatiga keng yo‘l ochilishi bilan mohir va mirishkor dehqon mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib “Nurli obod” fermer xo‘jaligiga asos soldi hamda yerning haqiqiy egasi sifatida yurtimizda fermerlik harakatini rivojlantirish va uni yangi bosqichga ko‘tarishga katta hissa qo‘shdi.

    O‘z faoliyatida doimo yangilikka intilib, ezgu tashabbuslari bilan barcha fermerlarga, ayniqsa, yoshlarga ibrat bo‘lib yashagan L.Murotova Yangi O‘zbekiston sharoitida alohida jonbozlik va g‘ayrat-shijoat ko‘rsatib ishladi. Qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or agrotexnologiyalarni, boshqaruvning zamonaviy usullari va samarali vositalarini qo‘llash, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, yosh fermerlar avlodini tarbiyalashda o‘ziga xos tajriba maktabini yaratdi.

    U o‘z foliyati bilan Vatanga muhabbat va sadoqatning, kasbiga fidoiylikning haqiqiy namunasini namoyon etdi. Aynan ana shunday olijanob fazilatlari bilan Lolaxon opa butun xalqimiz uchun o‘zbek ayolining haqiqiy timsoliga aylandi.

    El-yurt ishiga umrini bag‘ishlagan qahramon fermer jamoat ishlarida ham faol ishtirok etdi. Uning bu boradagi serqirra faoliyati yoshlarni, xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularni ish bilan ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishida yaqindan ko‘mak berish, ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qishloq va mahallalarni obod etish, aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ezgu ishlarida yaqqol namoyon bo‘ldi.

    L. Murotova Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati kengashi deputati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi sifatida ham samarali ish olib borib, mamlakatimiz hududlarini rivojlantirish, amalga oshirilayotgan islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilishda ham faollik ko‘rsatdi.

    Lolaxon Murotovaning mamlakatimiz va xalqimiz oldidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi.

    U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari hamda “O‘zbekiston Qahramoni” oliy unvoni bilan mukofotlangan edi.

    Atoqli fermer, qishloq xo‘jaligi ilmining yetuk namoyandasi, taniqli jamoat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, kamtarin va samimiy inson, xalqimizning fidoyi farzandi Lolaxon Murotovaning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.


    Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,

    A.Aripov, Sh.G‘aniyev, X.Bozorov, A.Hayitov