Tadbirda so'z olgan universitet rektori O. Hamidov “O'zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo'lgan yurtdoshlarimizning har biri o'z sohasining etuk bilimdoni ekanligi, yo'nalishida o'ziga xos maktab yaratgani, ularning hayot yo'li boshqalar uchun ibrat bo'lishi va bu yo'nalishda davlatimiz tomonidan sohada yaratilgan mavjud imkoniyatlar xususida so'z yuritdi.

Samimiy muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda qahramonlar o'zining hayot yo'li, jumladan, talabalik yillari haqida gapirib,  yoshlarni Vatanni sevishga, hozirda yaratib berilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanishga va Vatan ravnaqi yo'lida fidoiy bo'lishga chaqirishdi. Xususan, Azim Latipov va Muhammad Ahmedovlar puxta bilim va ko'p yillik tajriba dehqonchilik bilan shug'ullanadigan har bir soha xodimi, dehqon uchun zarur xislatlar ekaniga alohida to'xtalgan bo'lishsa, usta hunarmand Muyassar Temirova Buxoroning qadimiy zardo'zchilik an'analari, uni davom ettirish borasida gapirdi.

— Buxoro davlat universiteti buyuk fan darg'alariga, nomdor akademik va professorlar, iste'dodli olimlarga, taniqli yozuvchi va shoirlarga beshik bo'lgan muborak dargohdir, – deya mamnuniyat bilan ta'kidlaydi Muhammad Ahmedov. — O'zim 1978 yili muvaffaqiyatli bitirganman. Bundan hozirgacha faxrlanaman va Siz yoshlarimizni talabalik baxti bilan qutlayman. Hayotda nimaga erishgan bo'lsam, shu qutlug' dorulfununda olgan bilimim, hayotiy tajribalarim sharofatidan deb bilaman...Qahramonlar uchrashuv qatnashchilarining savollariga batafsil javob qaytardi.

Buxoro viloyat hokimligi axborot xizmati