Oʻzbekiston Qatar diplomatlari avariyada halok boʻlgani yuzasidan hamdardlik bildirdi

    Gʻazo boʻyicha muzokaralarga ketayotgan Qatar diplomatlari 11-oktyabr kuni Sharm ash-Sheyx shahrida (Misr) avariyaga uchradi.

    Yoʻl-transport hodisasi oqibatida Qatar delegatsiyasining 3 aʼzosi halok boʻldi.

    Hodisa Gʻazo sektoridagi mojaroni hal etish boʻyicha muzokaralarda qatnashgan Qatar delegatsiyasi aʼzolari bilan sodir boʻldi. Maʼlumotlarga koʻra, muzokaralar oʻtkazilayotgan Sharm ash-Shayx shahridan 50 km uzoqlikda roʻy bergan voqea oqibatida qatarlik uch nafar diplomat — Abdulla bin Gʻonim al-Xayrin, Hasan al-Jobir va Saud bin Tamir as-Saniy halok boʻlgan, yana ikki kishi tan jarohati olgan.

    Masraviy axborot portaliga koʻra, avtohalokat Qatar Bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abduraxmon Ol Soni ishtirokidagi kortej tarkibida sodir boʻlgan. Ular Isroil va HAMAS oʻrtasidagi bilvosita muzokaralarda vositachi sifatida qatnashgan.

    «Misr Arab Respublikasining Sharm ash-Shayx shahrida yuz bergan yoʻl-transport hodisasi oqibatida Qatar Davlati Amiri Devoni xodimlaridan uch nafari fojiali tarzda halok boʻlgani haqidagi xabarni chuqur qaygʻu bilan qabul qildik.

    Qatar Davlati Hukumatiga va xalqiga, shuningdek, halok boʻlganlarning oila aʼzolari hamda yaqinlariga chuqur hamdardligimizni bildiramiz. Shuningdek, ushbu hodisada jarohat olganlarga tezroq sogʻayib ketishlarini tilaymiz», deyiladi vazirlik xabarida.