O‘zbekiston-Qatar hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan salmoqli hujjatlar to‘plami qabul qilindi

    Hukumat 6 Iyun 2023 5281

    15 ta ikki tomonlama hujjatni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

    Oliy darajadagi muzokaralar yakunlangach, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy huzurida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan 15 ta ikki tomonlama hujjatni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

    Jumladan, quyidagilar qabul qilindi:

    – Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;

    – Ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish hamda daromad va mulk soliqlarini to‘lashdan bosh tortishni bartaraf qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;

    – Bojxona ishlarida o‘zaro ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;

    – Mehnat munosabatlari sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;

    – Diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod etish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;

    – Oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo memorandum;

    – Madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo memorandum;

    – Savdo sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

    – Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

    – O‘simliklar karantini va himoyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

    – Sport va yoshlar ishlari sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

    – Toshkent va Doxa shaharlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum.

    Shuningdek, tashqi ishlar va adliya vazirliklari o‘rtasida 2023-2025-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturlari hamda Ustuvor investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun qo‘shma platforma yaratish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.