Oʻzbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalariga sarmoya kiritishni kengaytiradi

    Energetika 4 Dekabr 2023 852

    Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Energetika vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklari Investitsiyalar vazirligi oʻrtasida iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida, jumladan, qayta tiklanadigan energiyani ishlab chiqarish, uzatish va tarqatish hamda boshqa sohalarda investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.

    Marosimda Oʻzbekiston tomonidan investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va energetika vaziri Joʻrabek Mirzamaxmudov, BAA tomonidan esa ushbu mamlakat investitsiya vaziri Muhammad al-Suvaydiy ishtirok etdi.

    Imzolangan hujjat ikki mamlakatning davlat organlari va xususiy sektor korxonalari oʻrtasida investitsiyalar jalb etish, qoʻshma tadqiqot dasturlarni amalga oshirish, texnik bilim, koʻnikma va tajriba almashish uchun mustahkam zamin yaratib beradi. Bitimda nazarda tutilgan hamkorlik shakllari shamol, quyosh, gidroelektr stansiyalarini ishlab chiqarish, energiya saqlash inshootlarini qurish boʻyicha loyihalar va investitsiya imkoniyatlarini aniqlash, baholashni va natijalar bilan almashishni oʻz ichiga oladi.

    Hujjatning samarali ijrosini taʼminlashga qaratilgan kelgusidagi tadbirlarning qoʻshma rejasi ishlab chiqiladi. Unda ijro mexanizmlari va masʼul tuzilmalar aks ettiriladi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    .