Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston chegaraoldi mintaqalari vakillari Fargʻonada uchrashadi

    Voqea-hodisalar 14 Aprel 2021 1471

    Fargʻona shahrida Fargʻona (Oʻzbekiston), Batken (Qirgʻiziston) va Soʻgʻd (Tojikiston) viloyatlari delegatsiyalarining uchrashuvi boʻlib oʻtadi.

    Fargʻona viloyati hokimligi maʼlumotiga koʻra, 22-aprel kuni Qirgʻizistonning Batken viloyati gubernatori Omurbek Suvanaliyev va Tojikistonning Soʻgʻd viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda boshchiligidagi ikki qoʻshni davlat viloyatlari rasmiylari va ishbilarmonlaridan iborat delegatsiyalar Fargʻona viloyatiga tashrif buyuradi.

    23-aprel kuni “Chegaraoldi hududlar integratsiyalashuvi – rivojlanish garovi” mavzusidagi xalqaro biznes-forum boʻlib oʻtadi. Biznes-forum doirasida sanoat va qishloq xoʻjaligi sohalarida hamkorlik boʻyicha boʻyicha yigʻilishlar hamda “B2B” va “G2B” shakllaridagi uchrashuvlar oʻtkaziladi.

    Tashrif dasturi doirasida uch chegaradosh viloyat rahbarlarining muzokaralari ham koʻzda tutilgan.

    Qirgʻiziston va Tojikiston vakillarining Fargʻona viloyatida ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasida ishtirok etishi, viloyatdagi yirik sanoat va qishloq xoʻjaligi majmualari faoliyati bilan tanishishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.