“Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy” temir yoʻl loyihasi muhokama qilindi

    Transport 5 May 2021 1393

    “Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy” temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirish boʻyicha videokonferensaloqa formatida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirligi xabar berdi.

    Onlayn uchrashuvda Xitoy tomonidan taqdim etilgan loyihani moliyalashtirish modeli, yoʻnalishlar va dala tadqiqotlarini muvofiqlashtirish hamda 2021-yilga moʻljallangan uch tomonlama harakatlar rejasini ishlab chiqish muhokama qilindi.

    Vazirlik maʼlumotiga koʻra, tadbirda Qirgʻiziston transport, arxitektura, qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri G. Abdraliyeva, Xitoy islohotlar va taraqqiyot davlat qoʻmitasi xorijiy kapital va xorijiy investitsiyalar departamenti bosh direktorining oʻrinbosari Ch.Chiping va Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining oʻrinbosari A.Moʻminov ishtirok etgan.

    Uchrashuvda tomonlar ushbu loyihani moliyalashtirish va temir yoʻl qurish yoʻnalishlarini belgilash masalasida batafsil kelishish kerakligini taʼkidladi.

    Epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan soʻng, texnik ishchi guruh bilan kelishilgan holda temir yoʻl harakatini muvofiqlashtirish va dala tadqiqot ishlarini olib borish masalasi haqida aniq qaror eʼlon qilinadi.