Bu turdagi ro'yxatdan o'tkazish sinov tariqasida ilk bor shu yil 1-31-avgust kunlari Toshkent viloyatining Parkent va Samarqand viloyatining Jomboy tumanlarida tashkil etilmoqda.
Tadbirni Davlat statistika qo'mitasi o'tkazmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) esa tadbir davomida texnik yordam ko'rsatib kelyapti. Ya'ni, xalqaro tashkilot bannerlar, plakatlar, broshyuralar, bukletlar va flaerlar kabi axborot-kommunikatsiya materiallarini taqdim etdi.
Qishloq xo'jaligi sohasida ro'yxatdan o'tkazish qishloq xo'jaligi bo'yicha asosiy statistik ma'lumotlarni yig'ishda muhim vosita bo'lib xizmat qiladi. Ro'yxatdan o'tkazish doirasida mamlakatdagi qishloq xo'jaligi faoliyati bilan shug'ullanadigan barcha sub'ektlarning to'liq hisobi olib boriladi. Yagona dastur va uslub asosida o'tkaziladigan kompleks statistik kuzatuv qishloq xo'jaligining holati va tarkibi, uning mavjud resurs salohiyati va undan foydalanish to'g'risida eng to'liq va xolis ma'lumot olish imkonini beradi.
Tadbirning xalqaro standartlarga javob berishini ta'minlash asosiy maqsad sanaladi. Shu bois, FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy bo'limi statistika bo'yicha mutaxassisi Georgiy Kvinikadze ro'yxatdan o'tkazishda ishtirok etish uchun O'zbekistonga kelib, ishlab chiqilgan uslubni takomillashtirish yuzasidan o'z tavsiyalarini berdi.