Norma.uz portali 2024-yil 1-dekabrdan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar sharhini taqdim etadi.
Turistik yarmarka oʻtkaziladi
Har yili dekabr oyida tadbirkorlik subyektlari ishtirokida B2B («biznes biznes uchun«) mexanizmlari asosida milliy turistik yarmarka tashkil etiladi.
Mehnat migrantlari uchun kasblar va xorijiy tillarga oʻqitish kurslari tashkil etiladi
Migratsiya agentligi taʼlim tashkilotlariga xorijda ishlashni istagan fuqarolarni kasblarga va xorijiy tillarga oʻqitish boʻyicha buyurtmalar joylashtiradi.
Kambagʻal oilalar reyestri shakllantiriladi
«Mahalla yettiligi« tomonidan kambagʻal oilalarning ijtimoiy sharoiti va kambagʻallikka tushish sabablarini oʻrganish natijasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Kambagʻal oilalar reyestri shakllantiriladi.
Koʻchalar nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moslashtiriladi
Koʻchalar (roʻyxat boʻyicha) shaharsozlik normalari va qoidalari talablaridan kelib chiqib, nogironligi boʻlgan shaxslarning toʻsiqsiz harakatlanishiga moslashtiriladi.
Avtoraqamlar uchun toʻlov qilish osonlashtiriladi
Endilikda avtomototransport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularga raqamlar berish boʻyicha murojaat qilish va toʻlovni amalga oshirish YHXX mobil ilovasi, rasmiy veb-sayti, “Call”-markazi yoki YAIDXP orqali amalga oshirilishi mumkin.
Himoya orderini berish holatlari kengaytirilmoqda
Bir kalendar yil davomida ikki va undan ortiq marta tazyiq va zoʻravonlik holati boʻyicha murojaat qilinganda ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi tashabbus tartibida beriladi.
Majburiy ijro byurosi “Majburiyatlar reyestrini” yuritadi
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining soʻzsiz ijrosini taʼminlovchi “Majburiyatlar reyestri” instituti joriy etiladi. Bunda:
- qarzdor mol-mulki yoʻqligi sababli undiruv amalga oshirish imkoniyati boʻlmaganda, u haqidagi maʼlumotlar majburiy tartibda Reyestrga kiritiladi;
- qarzdor haqida maʼlumot Reyestrga kiritilgandan keyin unga nisbatan ijro ishi doirasida qoʻllanilgan barcha cheklovlar saqlab qolinadi;
- Reyestrga kiritilgan qarzdorning mol-mulki va pul mablagʻlari aniqlanganda majburiy ijro harakatlari davom ettiriladi.
Poytaxtda daraxtlar pasportizatsiyasining uchinchi bosqichi tugaydi
2024-yil 31-dekabrga qadar maʼlumotlar bazasi asosida “Yashil makon” elektron platformasida har bir daraxtga pasport shakllantiriladi va ID-raqam beriladi.
Toʻqimachilik sanoatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ayrim choralar bekor qilinmoqda
2024-yil 31-dekabrga qadar ip-kalavani eksport qilishda undiriladigan yigʻimning amaldagi miqdori 5 baravarga kamaytirilgan (1 kg uchun $0,01).
Boʻyalgan mato va boʻyalgan gazlamani realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumida ushbu mahsulotlarni ichki bozorda sotish ulushi kamida 50%ni tashkil qilgan korxonalarga ijtimoiy soliqni 1% miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlash hamda 3-yil muddatgacha yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi toʻlovini kechiktirish huquqi berilgan.
Ayrim reklama joyi pasportlarining amal qilish muddati tugamoqda
Norma amal qilish muddati koʻrsatilmagan reklama joyi pasportlariga tegishli.
Nogironligi boʻlgan shaxslar sport bilan bepul shugʻullanishlari mumkin
2024-yil 15-dekabrdan boshlab sport bilan shugʻullanishni istagan nogironligi boʻlgan shaxslarning murojaatiga koʻra, «Inson« ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan davlat mulkida boʻlgan jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarida bepul sport bilan shugʻullanish uchun yoʻllanma berilishi belgilandi.
Ijtimoiy toʻlovlar – “Ijtimoiy karta” orqali
Yangi tayinlanadigan ijtimoiy toʻlovlar, xizmatlar va imtiyozlar, shu jumladan protez-ortopedik buyumlar va reabilitatsiya texnik vositalarini xarid qilish «Ijtimoiy karta« axborot tizimidan foydalangan holda ijtimoiy karta orqali amalga oshiriladi.
“Fuqarolik jamiyati haftaligi”
Har yili dekabr oyining birinchi haftasida “Fuqarolik jamiyati haftaligi” oʻtkazib boriladi, uning doirasida “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash amalga oshiriladi.
Ayrim bino va inshootlarni foydalanishga topshirish toʻxtatiladi
Hududiy inspeksiyalar roʻyxatidan oʻtkazmasdan qurilish-montaj ishlari bajarilgan bino va inshootlar boʻyicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish va foydalanishga ruxsat berish ishlari 2024-yil 31-dekabrdan toʻxtatiladi.