Oʻzbekiston qonunchiligida 1-sentyabrdan nimalar oʻzgardi?

    Oʻzbekiston qonunchiligida 2024-yil 1-sentyabrdan bir qator oʻzgarish va yangiliklar kuchga kirdi.

    Norma ushbu sanadan kuchga kiradigan asosiy oʻzgarishlarni taqdim etdi.

    Pensiya va nafaqalar oshadi

    Pensiya va nafaqalar miqdori 15 foizga oshiriladi. Bunda quyidagilar belgilanadi

    • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 428 000 soʻm;
    • yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori — oyiga 834 000 soʻm;
    • nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — oyiga 920 000 soʻm.

    Jahon brendlari bilan hamkorlik qilgan ishlab chiqaruvchilar qoʻllab-quvvatlanadi

    Mashhur xalqaro brendlar roʻyxatiga kiritilgan brend egalari bilan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzgan yuqori va oʻrta barqarorlik reytingiga ega tadbirkorlik subyektlari uchun:

    xalqaro standartlarni joriy etish, ekologik sertifikatlash va muvofiqlik boʻyicha sertifikatlash, shuningdek, brend egalari korxonalarida, xususan, ularning ishlab chiqarish maydonchalarida roʻyxat boʻyicha mutaxassislarning malakasini oshirish boʻyicha xarajatlar qoplab beriladi

    Ov qilishning yangi tartibi belgilanmoqda

    Ov qilish faqat ovchilik xoʻjaliklari hududida amalga oshiriladi va ovchilik xoʻjaliklari hududidan tashqarida ov qilishni amalga oshirish taqiqlanadi.

    Yovvoyi hayvonlarni koʻpaytirish joylarini, kichik safari parklar va ov turizmini tashkil qilgan ovchilik xoʻjaliklari ushbu faoliyat yoʻnalishlarini tashkil qilgandan boshlab 3-yil muddat mobaynida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini ushbu soliqlar boʻyicha belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50% kamaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha, shuningdek, aylanmadan olinadigan soliqni 1% miqdoridagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi.

    Zargarlik sohasiga imtiyozlar

    2027-yil 1-sentyabrgacha boʻlgan davrda:

    • “Hunarmand” uyushmasi aʼzolari uchun belgilangan soliq imtiyozlari zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi va “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi aʼzolari boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham tatbiq etiladi;
    • zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi va “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi aʼzolari boʻlgan tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarishda foydalaniladigan koʻchmas mulk obyektlari va yer uchastkalari mol-mulk soligʻi va yer soligʻidan ozod qilinadi.

    Toshkentda va Navoiy viloyatida nogironlikni aniqlashning yangi tartibi

    Fuqarolar nogironlikni belgilash uchun YAIDXP (my.gov.uz), “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qila oladilar. Bunda tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida (TIEK) koʻrikdan oʻtkazish uchun tibbiy hujjatlar oilaviy shifokorlar tomonidan elektron shaklda yuboriladi.

    Davlat xaridlarida ustunliklar

    Elektron doʻkon vositasida davlat xaridlarini amalga oshirishda narx va boshqa sharoitlar teng boʻlgan hollarda, ushbu mezonlarning biri asosida nogironligi boʻlgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini taʼminlagan kichik tadbirkorlik subyektlarining takliflari ustunlikka ega boʻladi.

    Turoperatorlarga imtiyozli kreditlar ajratiladi

    Kirish turizmi faoliyatini amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan turoperatorlarni xorijiy mamlakatlardan respublikaga turistlarni olib kelishda aylanma mablagʻ bilan taʼminlash uchun 50 mln AQSH dollari ekvivalentida milliy valyutada yillik 14% stavkada kredit liniyasi ochiladi.

    Trotuarlarni taʼmirlash – faqat ruxsatnoma asosida

    Jismoniy shaxslar va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, har qanday yuridik shaxs tomonidan yoʻllar, trotuarlar va boshqa yoʻl infratuzilmasi obyektlarida qurilish ishlarini olib borish, yoʻl obyektini har qanday koʻrinishda taʼmirlash, buzish, qazish, oʻzgartirish, rekonstruksiya qilish faqatgina tegishli ruxsatnoma olingandan soʻng amalga oshiriladi;

    Sholikorlarga – imtiyozli kreditlar

    Fermer, dehqon xoʻjaliklari va boshqa mahsulot ishlab chiqaruvchilarga sholi yetishtirish va xarid qilish xarajatlarini moliyalashtirish uchun Prezidentning 15.12.2021-yildagi PQ-52-son qarorida belgilangan shartlarda imtiyozli kreditlar ajratiladi.

    Xorijiy til boʻyicha imtihon xarajatlari qoplanadi

    2027-yil 1-yanvarga qadar yoshlarning nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillari boʻyicha xalqaro imtihon tizimlarida imtihon topshirish xarajatlari qoplab berilishi uchun ular tomonidan toʻplanishi lozim boʻlgan ballning (sertifikat darajasining) minimal koʻrsatkichi bir pogʻona pasaytiriladi hamda mazkur xarajatlar agentlikka ajratilgan mablagʻlar doirasida qoplanadi.

    Soliq tekshiruvlaridagi oʻzgarishlar

    Tadbirkorlik subyektlari tomonidan markirovkalanadigan mahsulotlarni markirovkani oʻqish qurilmalaridan foydalanmagan holda sotish holatlari soliq organlari bazasi maʼlumotlari asosida aniqlanganda, ushbu tadbirkorlik subyektlari shaxsiy kabineti orqali holat yuzasidan ogohlantiriladi hamda quyidagi choralarni koʻrish amaliyoti joriy etiladi:

    • ikki marta ogohlantirishdan soʻng qonun buzilishi bir oy ichida qayta takrorlangan taqdirda, tadbirkorlik subyektlariga nisbatan huquqbuzarlik sodir etilgan chorakdagi faoliyat yuzasidan soliq tekshiruvi tayinlanadi;
    • qonun buzilishi soliq tekshiruvi yakunlangandan bir oydan keyin qayta takrorlanganda tadbirkorlik subyektlarini xabardor qilmasdan hamda Biznes-ombudsmanni tekshirish kunida xabardor qilgan holda soliq tekshiruvi tayinlanadi;

    Ikkita hududda bepul maktab avtobuslari autsorsingga beriladi

    Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida umumiy oʻrta taʼlim maktablariga olis hududlardan qatnaydigan oʻquvchilar uchun autsorsing asosida bepul avtobuslar qatnovini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.

    Ekofaollarga – velosiped va boshqa sovgʻalar

    Chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash bilan shugʻullanuvchi sanitar tozalash korxonalarining, tozalash ishlari bilan shugʻullanuvchi obodonlashtirish boʻlimlarining eng yaxshi xodimlari, jamoatchilik ekologik nazorat organlari va ekofaollar velosipedlar va boshqa sovrinlar bilan taqdirlanadilar.

    Sport maktablarida ustamalar kiritilmoqda

    Ixtisoslashtirilgan sport maktablari xodimlariga har oylik 100 foizgacha ustama toʻlash tartibi joriy etiladi.

    Xavfli yuk tranziti boʻyicha yangi qoidalar

    Xavfli yuklar tranziti uchun ruxsatnoma elektron shaklda beriladi.

    Yoʻl harakati qoidalari buzilishi boʻyicha tayinlangan qarorlar ustidan shikoyatni YAIDXP orqali bersa boʻladi

    Yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga YAIDXP orqali elektron murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.

    Tamaki tranzitining yangicha qoidalari

    Oʻzbekiston hududi orqali tamaki mahsulotlarining tranziti uchun quyidagi talablar joriy etiladi:

    • tovar ishlab chiqarilgan mamlakat sertifikati, uni yetkazib berish shartnomasi (bitimi), tovarlar bir nechta qismga ajratilib, tranzit yoʻli bilan tashilgan taqdirda, uni olib oʻtish jadvalining mavjudligi;
    • yuk olib oʻtuvchi tomonidan tegishli bojxona toʻlovlarining summasi Oʻzbekiston bojxona organlarining depozit hisob varagʻiga oʻtkazilganligi. Bunda keyinchalik tovarlar respublika tashqarisiga olib chiqilganligi tasdiqlangandan soʻng toʻlangan summalar qaytariladi;
    • tamaki tashuvchi transport vositalarining faqat inspeksion koʻrik majmualari bilan jihozlangan chegara bojxona postlari orqali oʻtkazilishi;
    • qabul qiluvchi davlatning aksiz markasi boʻlgan tamaki mahsulotlarini respublika hududidan tranzit olib oʻtishga ruxsat etilishi, bundan aksiz markasi qoʻllanilmaydigan davlatlardan import qilish yoki ularga eksport qilish hamda qonunchilikka muvofiq aksiz markasi talab etilmaydigan holatlar mustasno.

    Bitiruvchi sinf oʻquvchilari uchun yangi darslar

    Ijod maktablarining 10 va 11-sinf oʻquvchilarini:

    • Madaniy meros agentligi bilan birgalikda gid, tahrirchi va restavrator yordamchisi kasblariga;
    • Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda tele va radiokanallarda rejissyor yordamchisi, ovoz yozish rejissyori assistenti, muharrir yordamchisi hamda reportyor kasblariga;
    • Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda bosma nashriyotlarda muharrir va dizayner kasblariga;
    • Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi va uning hududlardagi filiallari bilan birgalikda skanerlash va raqamlashtirish hamda raqamlashtirilgan resurslarni qayta ishlashga oid kasblarga;
    • Madaniyat vazirligi bilan birgalikda teatrlarda sanʼashunoslik, aktyorlik sanʼati, rejissyorlik, xalq ijodiyoti sohalaridagi kasblarga oʻrgatish boʻyicha amaliy darslarni joriy qilish rejalashtirilmoqda.

    Gumus uchun imtiyozli kreditlar

    Qishloq xoʻjaligi vazirligining agrotexnik tadbirlar uchun taqdim etadigan talabnomalariga muvofiq tuproqning gumus miqdorini oshirish maqsadida Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan 2025-yil paxta hosili uchun imtiyozli kreditlar ajratilishiga ruxsat berildi.

    Menejerlik sertifikati egalariga maktablarda ustamalar toʻlanadi

    Yanvardan boshlab maktab direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish hamda menejerlik sertifikatini elektron shaklda berish tizimi joriy qilingan edi.

    Menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan quyidagi rahbar xodimlarga ushbu sertifikatning amal qilish muddati davomida lavozim maoshiga hap oylik qoʻshimcha ustamalar toʻlanadi:

    • maktab direktorlariga — 50 foiz;
    • maktab direktori oʻrinbosarlariga — 30 foiz.