Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Shu yilning 2-3-sentyabr kunlari Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiya (ESKATO) tomonidan Ostona shahrida tashkil etilgan “Raqamli inklyuziya va transformatsiya boʻyicha Osiyo – Tinch okeani vazirlar konferensiyasi”da ishtirok etdi.
Ushbu tadbir doirasida vazir Sherzod Shermatov Qozogʻiston Respublikasi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri J.Madiyev bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida hamkorlik istiqbollarga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, raqamli koʻnikmalarni oʻqitishni taʼminlash, raqamli inklyuzivlik va raqamli transformatsiya boʻyicha mintaqaviy hamkorlik holati va uni mustahkamlash boʻyicha masalalar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, raqamli innovatsiyalarni jadallashtirish uchun zarur mintaqaviy hamkorlik rejalariga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, ikki mamlakat ishtirokida kosmosga oʻzaro sunʼiy yoʻldoshlar guruhini uchirish boʻyicha hamkorlikni amalga oshirish masalasini oʻrganish va tahliliy maʼlumotlarni joriy yil yakuniga qadar tahlil qilib, takliflarni belgilab olish muhokama qilindi.