Oʻzbekiston-Qozogʻiston bojxona xizmatlari rahbarlarining amaliy uchrashuvi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 29 Dekabr 2021 2094

    Oʻzbekiston Davlat bojxona qoʻmitasi raisi Akmalxoʻja Mavlonov va Qozogʻiston moliya vazirligi Davlat daromadlari qoʻmitasi rahbari Ali Altinbayev oʻrtasida muzokaralar tashkil etildi.

    DBQ maʼlumotiga koʻra, uchrashuv doirasida ikkala davlat bojxona xizmati rahbarlari Oʻzbekiston-Qozogʻiston chegarasidagi “Jibek joli” va “Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona postlari faoliyati bilan tanishdi

    Umumiy hisobda yakuniga yetayotgan yilda “Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona postida 2,3 million nafardan ortiq jismoniy shaxslar va 48,5 mingga yaqin transport vositalarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi amalga oshirildi.

    Amaliy uchrashuv davomida asosiy eʼtibor oʻtkazish punktlarini qayta qurish va modernizatsiyalashga qaratildi. Chunki ikki mamlakat oʻrtasida oʻzaro savdo aloqalarining tobora kengayib borayotgani kelgusida chegara-oʻtkazish punktlarida turli noqulayliklar va tirbandliklarni yuzaga keltirishi mumkin.

    Tomonlar ushbu noqulayliklarni bartaraf etish maqsadida, Oʻzbekiston-Qozogʻiston chegarasida joylashgan “Navoiy” (Oʻzbekiston) – “Qoplonbek” (Qozogʻiston) hamda “Dout ota” (Oʻzbekiston) – “Tajen” (Qozogʻiston) chegara-bojxona postlarida qurilish-bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish, bunda qurilishning boshlanishi va yakunlanishini imkon qadar bir vaqtga belgilash yuzasidan kelishuvga erishdi.

    Muzokaralar davomida, shuningdek, bojxona chegaralari orqali harakatlanayotgan tovar va transport vositalari haqida oʻzaro maʼlumotlar almashinuviga xizmat qilayotgan axborot tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlarni belgilab olindi.

    Tadbirda yaqinda imzolangan energiya resurslarini Oʻzbekiston-Qozogʻiston bojxona chegarasidan olib oʻtilishida birgalikda bojxona nazoratidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimni hayotga tatbiq etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Suhbatda 2022-yilning mart oyida Toshkent shahrida ikki mamlakat bojxona xizmati mutaxassislari Oʻzbekiston va Qozogʻistonning oʻzaro savdoga doir bojxona statistikasining bir xilligini taʼminlashga qaratilgan ishchi uchrashuvni oʻtkazish, “S.Najimov” (Oʻzbekiston) – “Qozigurt” (Qozogʻiston) hamda”Sirdaryo” (Oʻzbekiston) – “Otamakon” (Qozogʻiston) chegara-bojxona postlarini qayta qurish masalalarini muhokama qilish, shuningdek, oʻzaro tajriba almashish nazarda tutilmoqda.

    Uchra shuv yakunida tomonlar koʻrilgan masalalar yuzasidan tegishli bayonnomani imzoladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.