Uchrashuvda Oʻzbekiston-Qozogʻiston munosabatlarining dolzarb masalalari, ustuvor yoʻnalishlarda iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish yoʻllari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻtgan yil dekabr oyida Qozogʻiston Respublikasiga tashrifi chogʻida erishilgan ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirilishi muhokama qilindi.

Investitsiyaviy, savdo, transport va logistika hamda hududlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlariga alohida urgʻu berildi. Tomonlar sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, mavjud boʻlgan savdo toʻsiqlarini olib tashlash hamda oʻzbek va qozoq ishlab chiqaruvchilari uchun ikki mamlakat bozorlariga chiqishni osonlashtirishga doir takliflar toʻgʻrisida fikr almashdilar.

Tomonlar keyingi 10 yil ichida Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ijrosini muntazam ravishda muhokama qilib borish va monitoringini amalga oshirish maqsadida ekspertlardan iborat ishchi guruhlarning hamkorligini faollashtirishga kelishdi.

Ikki mamlakat hududida qoʻshma ulgurji tarqatish markazlari tarmogʻini tashkil qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni hayotga joriy etish borasida navbatdagi tadbirlar rejalashtirildi. Mazkur tashabbusning roʻyobga chiqishi Oʻzbekiston va Qozogʻiston ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasi rivojiga qoʻshimcha turtki berishi taʼkidlandi.

Muloqot, shuningdek, alohida loyiha va tashabbuslarni hayotga tatbiq etish bilan bogʻliq masalalarni atroflicha koʻrib chiqish, har ikki tomonning manfaatlarini taʼminlaydigan yechimlarni ishlab chiqish va ularni ilgari surish boʻyicha keyingi qadamlarni belgilash imkonini berdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik doirasida yuzaga keladigan barcha masalalarni zudlik bilan hal qilish uchun yaqin munosabatlarni davom ettirish va faol hamkorlik qilishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.