Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiz Respublikalari Energetika vazirlari Qambarota GES-1 qurilishini muhokama qildi

    Energetika 16 Mart 2023 1342

    Joriy yil 15-martda Toshkent shahrida Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiz Respublikalari Energetika vazirliklarining navbatdagi uch tomonlama uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Unda Qambarota GES-1 qurilishi loyihasi, elektr energetika va suv resurslari masalalari muhokama etildi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri J. Mirzamahmudov va Suv xoʻjaligi vaziri Sh. Xamrayev, Qirgʻiz Respublikasi Energetika vaziri T. Ibrayev, Qozogʻiston Respublikasi Energetika vaziri oʻrinbosari J. Nurmaganbetov hamda tomonlardan bir qator tashkilotlarning rahbar xodimlari va mutaxassislari ishtirok etdi.

    Yigʻilishda Qambarota GES- 1 qurilishi loyihasi boʻyicha imzolangan “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish ishlarining borishi hamda hamkorlikning asosiy tamoyillariga oid hujjat loyihasi koʻrib chiqildi. Shuningdek, loyihani amalga oshirishga tayyorlashning asosiy bosqichlari kelishib olinib, bu borada navbatdagi yigʻilishni joriy yil mart oyining soʻnggi dekadasida oʻtkazishga kelishildi.

    Bundan tashqari, mintaqadagi suv-energetika holati va hozirgi kundagi elektr energetika tarmogʻidagi vaziyat hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashishdi. Toqtoqul suv ombori zaxirasini yozgi sugʻorish davri uchun asrash borasida koʻrilishi lozim boʻlgan tadbirlar muhokama etildi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston va Qozogʻiston energetika tizimlari orqali Qirgʻiz Respublikasiga elektr energiyasi tranzitini amalga oshirish, qozoq va oʻzbek elektr energiyasini Qirgʻiz Respublikasiga yetkazib berish hamda Uchqoʻrgʻon GES orqali Oʻzbekiston va Qozogʻiston Respublikalari qishloq xoʻjaligi isteʼmolchilariga yozgi sugʻorish davri uchun suv chiqarish hajmlari kelishib olindi hamda navbatdagi uchrashuvni 2023 yil oktyabr oyida Ostona shahrida oʻtkazilishi belgilab olindi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.