“Oʻzbekiston-Qozogʻiston-Xitoy-Laos-Tailand-Malayziya” transport koridorini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi

    Oʻzbekistonning Bangkokdagi Bosh konsuli Faxriddin Sultonov Tailandda ishchi safari bilan boʻlib turgan Laos Jamoat ishlari va transport vazirligi Rejalashtirish va moliya departamenti bosh direktori Van Dilafan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muloqot avvalida Laos tomoniga Oʻzbekistonning savdo-iqtisodiy imkoniyatlari toʻgʻrisida, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati kafolatlarini kuchaytirish, bozor munosabatlarini rivojlantirish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini taʼminlash boʻyicha barqaror asos yaratayotgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

    Van Dilafan Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar mamlakat iqtisodiyotining barqaror oʻsishi, tadbirkor va ishbilarmonlarning erkin faoliyati uchun mustahkam huquqiy kafolat yaratishini qayd etdi.

    Suhbat davomida tomonlar Oʻzbekistonda Janubi–Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

    Oʻzbekiston vakili Xitoy va Laos oʻrtasida temiryoʻl transportida yuk tashuvlari va “Oʻzbekiston-Qozogʻiston-Xitoy-Laos-Tailand-Malayziya” transport koridorini tashkil etish imkoniyatlari oʻrganib chiqilayotganini maʼlum qildi.

    Laos Jamoat ishlari va transport vazirligi departamenti bosh direktori Markaziy Osiyo davlatlari bilan Laos orqali oʻtuvchi transport koridorini tashkil etish masalasini oʻrganishga tayyorligini bildirdi.

    Uchrashuv yakunida Laos orqali temiryoʻl transportida yuk tashuvlari borasida talablar va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralari delegatsiyasini ushbu mamlakatga xizmat safarini tashkil etish boʻyicha kelishib olindi.