Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo davlatlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishga qatʼiy intilishini yana bir bor tasdiqladi.
“Davlat rahbari sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish dolzarbligini yana bir bor taʼkidlab, oʻzaro hamkorlikni tizimli asosda, jumladan, tashkilot doirasida onlayn Industriyalashtirish xaritasini yaratishda ishtirok etish orqali yoʻlga qoʻyishni taklif qildi, - deyiladi nashrlarda. - Oʻzbekiston rahbari YEOII mamlakatlari tranzit salohiyatini oshirishga yordam beradigan yangi transport yoʻlaklarini yaratishga qaratilgan loyihalarni yanada faolroq ilgari surishga chaqirdi”.
“Dunyo” AA muxbiri xabariga koʻra, maqolalarda Oʻzbekistonning yuk tashishni kuzatish uchun navigatsiya plombalarini joriy etish dasturiga qoʻshilish imkoniyatlari qayd etilgan. YEOII taʼminot zanjirlarini rivojlantirish uchun raqamli ekotizim yaratish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.
Bundan tashqari, sammit ishtirokchilarining eʼtibori global iqlim kun tartibini hisobga olgan holda “yashil” energiya loyihalarini amalga oshirishda saʼy-harakatlarni birlashtirish zarurligiga qaratilayotgani alohida taʼkidlandi.