Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi majlisidagi nutqi

    Hukumat 26 Dekabr 2024 1695

    Global va mintaqaviy tahdidlar, iqtisodiyotdagi beqarorlik va jahon bozorlaridagi oʻzgaruvchanlikning kuchayishi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi sheriklikni kengaytirishning yangi yoʻllarini yanada faol izlashni taqozo etmoqda.

    Hurmatli hamkasblar!

    Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!

    Global va mintaqaviy tahdidlar, iqtisodiyotdagi beqarorlik va jahon bozorlaridagi oʻzgaruvchanlikning kuchayishi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi sheriklikni kengaytirishning yangi yoʻllarini yanada faol izlashni taqozo etmoqda.

    Taʼkidlash joizki, soʻnggi bir necha yil ichida Oʻzbekiston kuzatuvchi davlat sifatida YEOII bilan 22 yoʻnalishda samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻydi. Joriy yilda Ittifoq mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashimiz 11 foiz oʻsdi.

    Oktyabr oyida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan yangi uch yillik rejani qabul qildik, unga savdo, sanoat, moliya sektori, agromajmua, transport va boshqa sohalarda qirqtaga yaqin aniq chora-tadbirlar kiritildi.

    Shuningdek, biz savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijoratni joriy etish, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish sohasidagi tarmoq dasturlarida faol ishtirok etish niyatidamiz.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston Hukumati qoʻshma Ishchi guruhining navbatdagi, toʻrtinchi yigʻilishiga puxta tayyorgarlik koʻrmoqda. Ushbu uchrashuvni kelgusi yil mart oyida Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif etamiz.

    Hurmatli hamkasblar!

    Oʻzbekiston bilan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha qarashlarimizni qisqacha bayon etmoqchiman.

    Birinchi. Bu savdo toʻsiqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish boʻyicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishdir.

    Oʻzbekiston va EOII oʻrtasida savdoda tarif va notarif cheklovlarni oʻzaro qoʻllamaslik toʻgʻrisidagi bitimni imzolash masalasini ekspertlar darajasida ishlab chiqishni taklif etamiz.

    Yaqin vaqt ichida amaliy harakatlar rejasini qabul qilgan holda texnik jihatdan tartibga solish tizimlarini yaqinlashtirish boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazishga tayyormiz.

    Ikkinchi. Oʻzbekistonning imzolanayotgan Yagona bojxona tranziti tizimi toʻgʻrisidagi bitimda ishtirok etishi ham savdo amaliyotlarini kengaytirishga xizmat qiladi, deb hisoblayman.

    Mamlakatlarimizning bojxona chegaralari orqali olib oʻtilayotgan tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni elektron almashish boʻyicha bitimlarni kelishishni jadallashtirish muhim ahamiyatga ega.

    Uchinchi. Birlashma doirasida boshlangan sanoat kooperatsiyasi va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari va vositalariga qoʻshilishdan manfaatdormiz.

    Bundan tashqari, qoʻshma loyihalarni ilgari surish uchun ishonchli moliyaviy manbalarni shakllantirish maqsadida kelgusi yil boshida tartib-taomillarni yakunlab, Yevroosiyo taraqqiyot bankiga aʼzo boʻlishni rejalashtirmoqdamiz.

    Toʻrtinchisi. Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasida tizimli hamkorlikni kuchaytirish niyatidamiz.

    Oʻzbekistonni YEOIIning integratsiyalashgan axborot tizimiga va «Raqamli ittifoq« loyihasiga ulash masalalarini birgalikda ishlab chiqishga tayyormiz.

    Beshinchi. Agrar sohada kooperatsiya dasturini tayyorlash tarafdorimiz. Gap qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining bozorlarimizga oʻzaro kirib borishini yengillashtirish, innovatsion agrosanoat loyihalarini amalga oshirish, ilgʻor ilmiy ishlanmalarni joriy etish chora-tadbirlari haqida bormoqda.

    Oltinchi. Sayyohlik almashinuvlarini ragʻbatlantirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti davlatlari fuqarolariga mamlakatimizga ichki hujjatlar bilan kirish imkonini beruvchi tartibni joriy etish niyatidamiz.

    Hurmatli hamkasblar!

    Oʻzbekiston mavjud salohiyatdan samarali foydalanish maqsadida YEOII boʻyicha sheriklar bilan yaqin va samarali hamkorlikni rivojlantirish tarafdori.

    Fursatdan foydalanib, hurmatli Aleksandr Grigoryevich Lukashenkoni tashkilotga raislik Belarusga oʻtishi munosabati bilan tabriklayman va unga muvaffaqiyatlar tilayman.

    Barchangizni, qardosh xalqlarimizni kirib kelayotgan Yangi yil bilan yana bir bor samimiy tabriklab, farovonlik va ravnaq tilayman.

    Eʼtiboringiz uchun tashakkur.