Adliya vaziri Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi munosabatlar “alohida strategik sheriklik” darajasiga koʻtarilganini qayd etdi.
Uchrashuvda A.Tashkulov Koreya tomonini Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar va novatsiyalar bilan tanishtirdi hamda ikki vazirlik tomonidan amalga oshiriladigan vazifa va funksiyalar oʻxshashligini taʼkidlab, oʻzaro tajriba almashish hamda mavjud idoralararo munosabatlarni yanada chuqurlashtirish va mustahkamlash maqsadida vazirliklar oʻrtasida kelgusi yillarga hamkorlik dasturini imzolashni taklif qildi.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan Koreya Respublikasi Hukumat qonunchiligi vazirligi oʻrtasida hamkorlik aloqalari 2009-yilda imzolangan hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandum asosida amalga oshiriladi.
Hukumat qonunchiligi vaziri Li Van-Kyu, Oʻzbekistonda amalga oshirilgan islohotlarni yuqori baholadi va, oʻz oʻrnida, ikki vazirlikning oʻxshash vazifalari hamda faoliyatidagi yutuqlarni oʻzaro oʻrganish zarurligiga mamnuniyat bilan ishonch bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qonun hujjatlarini ishlab chiqish jarayonlari, shu jumladan jamoatchilikning qonun hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish mexanizmlarini, ularni amaliyotdan kelib chiqqan holda talqin qilish, aholi uchun noqulayliklar keltirib chiqaradigan qonunchilik hujjatlarini aniqlash va bartaraf etish borasidagi tajribani oʻrganish maqsadida mutaxassislardan iborat delegatsiyalar bilan almashishga kelishib oldi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.