Barchamizga yaxshi ma'lumki, keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida mamlakatimizda inson qadrini ulug'lash, uning huquq va manfaatlarini ta'minlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 8 yanvar – O'zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni munosabati bilan yo'llagan tabrigida soha xodimlari va faxriylarining shu yo'ldagi xizmatlari munosib baholanib, oldimizda turgan muhim masalalar aniq ko'rsatib berildi.

Hech shubhasiz, biz bularning barchasini prokuratura organlari faoliyatiga berilayotgan yuksak e'tiborning yana bir amaliy ifodasi sifatida qabul qilamiz va ana shu ishonchni oqlash uchun bundan buyon ham bor kuch-g'ayratimiz, bilim va tajribamizni safarbar etamiz.

Aziz vatandoshlar!

Hozirgi vaqtda Prezidentimiz tomonidan qonunlar qog'ozda emas, amalda qat'iy bajarilishi, islohotlar har bir xonadon, har bir mahallaga kirib borishi, yurtdoshlarimiz ularning amaliy samarasini kundalik hayotida doimo his qilishi zarurligiga muhim e'tibor qaratilmoqda.

Albatta, ana shunday natijalarga erishishda prokuratura organlari xodimlari alohida jonbozlik ko'rsatib, barcha soha va tarmoqlarda qonuniylikni ta'minlashda o'rnak va namuna bo'lishlari juda muhimdir.

Biz buni chuqur anglagan holda, o'z ishimizni yangicha asosda tashkil etish bo'yicha zarur chora-tadbirlarni aniq belgilab oldik.

Avvalo, xalqimizga yanada yaqin bo'lib, mamlakatimizda qonun va adolat ustuvorligini, tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash faoliyatimizning asosiy mezoni bo'ladi.

Ayniqsa, joylarda aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash va ularni tezkorlik bilan bartaraf etish, muhtoj oilalarni qo'llab-quvvatlash, ularni kambag'allikdan chiqarish bo'yicha belgilangan vazifalar ijrosi prokuratura organlarining doimiy e'tiborida bo'lib qoladi.

Mahallalar darajasiga tushib, yuzaga kelayotgan muammolarni mahalla ahli bilan bamaslahat va birgalikda hal qilamiz.

Ayniqsa, barchamizning kundalik hayotimizda muhim o'rin tutadigan ta'lim, tibbiyot va kommunal xizmat sohalarida o'z echimini topmagan masalalarning sabablarini aniqlab, ularni alohida yondashuv asosida hal etish bo'yicha qat'iy nazorat o'rnatiladi.

Aholi bandligi, yangi ish o'rinlarini yaratishga qaratilgan dasturlar ijrosini ta'minlash, ekologik muhitni, tabiiy boyliklar va madaniy merosimizni asrab-avaylash borasidagi ishlarimiz jadal davom ettiriladi.

Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yilida jismoniy va ma'naviy etuk yosh avlodni tarbiyalash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, navqiron o'g'il-qizlarimiz ilgari surayotgan tashabbuslarni ro'yobga chiqarishga alohida e'tibor qaratamiz.

Aholi, ayniqsa, yoshlarimizning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, yangilangan Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga hurmat va e'tibor tuyg'usini yanada kuchaytirish, har bir yurtdoshimizning ularga qat'iy amal qilib yashashini ta'minlash bo'yicha targ'ibot va tashviqot ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichiga olib chiqamiz.

Mamlakatimizda qulay biznes muhitini yaratish, tadbirkorlarga har tomonlama ko'mak berish, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar va byurokratik to'siqlarni bartaraf etishga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytiramiz.

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir dasturlar ijrosi alohida nazoratga olinib, byudjet mablag'larining maqsadli sarflanishini ta'minlash, talon-toroj qilinishining oldini olish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.

Tegishli vazirlik va idoralar, keng jamoatchilik bilan hamkorlikda huquqbuzarliklar va jinoyatchilikka qarshi kurashishga yanada katta ahamiyat beramiz.

Bunda asosiy e'tiborni jinoyatning oqibatiga qarshi kurashishga emas, avvalo, uni keltirib chiqarayotgan omillar va sabablarga barham berishga qaratamiz.

Albatta, hayotimizda korruptsiya holatlari borligi barchamizni qattiq tashvishga soladi. Jamiyatimizda bu illatga qarshi murosasizlik muhitini shakllantirish va qat'iy kurash olib borish kelgusida ham prokuratura organlarining birinchi navbatdagi ishi bo'lib qoladi.

Bu borada davlat idoralarida korruptsiya holatlarining barvaqt oldini olishga alohida e'tibor qaratiladi. Buning uchun vazirlik va idoralarning ichki nazorat tuzilmalari ishi yanada kuchaytiriladi, soha va tarmoqlar faoliyatini raqamlashtirishga doir vazifalar ijrosi qat'iy nazoratga olinadi.

Eng muhimi, bu yo'nalishdagi har bir xabar va ma'lumotlar tezkorlik bilan o'rganilib, keskin choralar ko'rib boriladi.

Korruptsiya bilan bog'liq har bir jinoyatni o'z vaqtida aniqlashda biz mahalla, yoshlar, xotin-qizlar va nuroniy tashkilotlari faollariga, turli mehnat jamoalaridagi jonkuyar va vatanparvar insonlarga, ularning amaliy yordami va hamkorligiga tayanamiz.

Biz hayotimizni jinoyatchilik va korruptsiyadan xoli qilishda katta bilim va tajribaga ega bo'lgan prokuratura faxriylarining salohiyatidan ham keng foydalanamiz.

Bu borada nodavlat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va blogerlar bilan yaqin hamkorlikni kuchaytiramiz.

Biz mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar talabidan kelib chiqqan holda, barcha darajadagi prokuratura organlari faoliyatini tanqidiy-tahliliy baholab, aniqlangan muammolarni tezkor hal etib borishni tizimli asosda yo'lga qo'yamiz.

Bu jarayonda saflarimizda faqat va faqat halol va pok, jonajon O'zbekistonimizga sadoqatli va fidoyi xodimlar ishlashiga birinchi darajali e'tibor qaratamiz.

“Yangi O'zbekiston prokuraturasi xodimi” degan yuksak maqomga dog' tushiradigan, nopok, zimmasidagi vazifa va vakolatlarni suiiste'mol qiladigan, fuqarolar bilan bepisand va qo'pol muomalada bo'ladigan, befarq va loqayd kimsalar oramizda bo'lmasligi uchun eng keskin choralarni ko'ramiz.

Prokuratura organlariga mamlakatimizdagi tarixiy o'zgarishlarni chuqur anglaydigan, zamonaviy fikrlaydigan, bilimli, vatanparvar va izlanuvchan yosh kadrlarni xizmatga olish, barcha mutaxassis va xodimlarimizni chinakam qonun va Vatan himoyachisi etib tarbiyalashga ustuvor ahamiyat beramiz.

Oldimizda turgan vazifalar ijrosi prokuratura organlari faoliyatini raqamlashtirish, ushbu tizimga zamonaviy ilm-fan va amaliyot yutuqlarini keng joriy etish, xodimlarning bilim darajasini oshirish bilan bog'liq. Shu bois, bu borada ham katta ishlarni amalga oshiramiz.

Ana shu g'oyat muhim va dolzarb vazifalarni samarali amalga oshirish va sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda Bosh prokuror sifatida men butun mas'uliyat va javobgarlikni o'z zimmamga olaman.

Ishonchim komil, o'z hayotini qonun va adolatni ta'minlashdek g'oyat oliyjanob ishga bag'ishlagan har bir prokuratura xodimi bugungi kunda zimmasidagi vazifani yuksak mas'uliyat va vatanparvarlik tuyg'usi bilan ado etishni o'zi uchun ulkan sharaf deb biladi.

Biz ana shunday fidokorona mehnatimiz bilan yangi O'zbekistonni – har bir yurtdoshimiz erkin va farovon yashaydigan davlatni barpo etishga munosib hissa qo'shamiz.

Qadrli yurtdoshlar!

Prokuratura idoralari “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan ezgu tamoyil asosida mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda qonuniylikni ta'minlashda, birinchi navbatda, xalqimizning qo'llab-quvvatlashiga tayanadi.

Xalq va davlat manfaatlarini birinchi o'ringa qo'yib, inson huquq va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida ta'minlab, prokuratura organlarini chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish – bizning asosiy maqsadimizdir.

Yurtimizdagi barcha qonun posbonlari, nuroniy otaxon va onaxonlarimiz, mehribon opa-singillarimiz, turli soha va tarmoqlarda mehnat qilayotgan fidoyi ishchi va xizmatchilar, mohir tadbirkorlar, mirishkor dehqon va fermerlar, navqiron yoshlarimiz, ijodkor ziyolilarimiz, butun xalqimiz bilan birgalikda ish olib borib, ana shunday ezgu maqsadlarimizga, albatta erishamiz, deb ishonaman.

Aziz yurtdoshlar, keling, barchamiz shu yo'lda Prezidentimizga kamarbasta bo'lib, qonun ustuvor, adolat hukmron bo'lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik!

Nig'matilla YO'LDOSHEV,

O'zbekiston Respublikasi Bosh  prokurori