Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston Respublikasi prokurotura organlari tamonidan koronavirus pandemiyasi sharoitida aholini, shu jumladan, muhtoj oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni ijtimoiy muhofaza qilish, iqtisodiyot tarmoqlari barqarorligini saqlashga doir qonunlar ijrosi ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatish, huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish masalalariga qaratilgan muayyan ishlar amalga oshirilganligi qayd etdildi.
Shu bilan birga, senatorlar tomonidan, prokuratura organlarining amalga oshirgan ijobiy ishlari bilan bir qatorda faoliyatning ayrim yoʻnalishlarida nazoratni yana-da kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.
Jumladan, mamlakatimizda reproduktiv salomatlikni, onalik va bolalikni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlari ijrosini taʼminlashdagi kamchiliklar oqibatida oʻtgan yilga nisbatan goʻdaklar oʻlimi 428 taga (6 432-6 860), onalar oʻlimi 10 taga (145-155) oshgan.
Ogʻir moliyaviy ahvolga tushgan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda kamchiliklar mavjud.
Prokurorlar sektor rahbari sifatidagi faoliyatida ayrim kamchiliklar mavjud.
Xususan, joriy yilning 1-yanvar holatiga prokuror sektorlarida yashovchi 21 mingta yoki 14 foiz muhtoj oila kambagʻallikdan chiqarilmaganligi aniqlangan.
Shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarni bartaraf etish boʻyicha kamchiliklarga barham berilmagan.
Respublika boʻyicha roʻyxatga olingan jami 62 081 ta jinoyatning 41 087 tasi yoki 66 foizi oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar toifasiga kiradi.
Umumiy jinoyatchilik 34,7 foizga koʻpaygan, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar 49 foizga, jumladan, qasddan odam oʻldirish 13, badanga ogʻir shikast yetkazish 13, nomusga tegish 27,7, bosqinchilik 18,5 foizga ortgan.
Respublika boʻyicha qidiruvda boʻlgan 9 790 nafar shaxsdan 6 761 nafari yoki 75 foizi ushlanmagan.
Bundan tashqari, prokuratura organlari faoliyati bilan bogʻliq masalalar yuzasidan fuqarolardan Senatga kelib tushayotgan murojaatlar
Bu holatlar ushbu yoʻnalishda nazoratni yana-da kuchaytirishni, aniqlangan har bir qonun buzilishi holatiga nisbatan qatʼiy va taʼsirchan choralar koʻrishni taqozo etadi.
Muhokamada senatorlar tomonidan sektorlarda ishlarni “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi yangi mexanizmlar asosida tashkil etilishi hamda yuritilayotgan hisobotlarning haqqoniyligini doimiy tahlil qilib, mavjud qonun buzilishlarni bartaraf qilish, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyasi hamda bandligini taʼminlash, “Har bir tadbirkor - yoshlarga madadkor” tamoyili asosida ishsiz yoshlarni tadbirkorlarga biriktirish, “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, muammo, taklif va istaklarini “mahallabay” oʻrganish va kriminogen vaziyatdan kelib chiqib, barcha mahalla va tuman (shahar)larni “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratgan holda ularda jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash ishlari tizimli yoʻlga qoʻyish boʻyicha tavsiyalar bildirildi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi, deya xabar qiladi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.