Mazkur yigʻilishda Kengashga aʼzo davlatlar (Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekiston) delegatsiyalari, MDH Ijroiya qoʻmitasi va MDHning sohaviy hamkorlik organlari (Chegara qoʻshinlari qoʻmondonlari kengashi, Aksilterror markazi, Uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli turdagi jinoyatchilikka qarshi kurashishni muvofiqlashtirish byurosi, Soliqqa oid (moliyaviy) tergov organlari rahbarlari muvofiqlashtiruvchi kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish davlatlararo kengashi) hamda Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha Yevroosiyo guruhi vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilishni Kengash raisi Yu.A.Chixanchin (Rossiya Federatsiyasi) olib bordi.
Kun tartibiga muvofiq, delegatsiyalar tomonidan Yevroosiyo mintaqasida jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish (JDL va TMQK) bilan bogʻliq muhim masalalar, shuningdek mazkur sohadagi milliy tizimlarni mustahkamlash maqsadida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan choralar muhokama qilindi.
Jumladan, ishtirokchilar MDHga aʼzo davlatlarning xavfsizlik sohasidagi hamkorlik dasturlarining ijro etilishi jarayonlarini koʻrib chiqdilar, milliy darajalarda JDL va TMQK sohasida chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha tajriba almashdilar, shuningdek faoliyatning dolzarb yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlikni kengaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqdilar.
Shuningdek, mazkur yigʻilish doirasida, delegatsiyalar tomonidan Kengashning ishchi guruhlari faoliyati bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasining bu kabi xalqaro tadbirlarda ishtirok etishi jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi milliy tizim salohiyatini oshishiga, xalqaro va mintaqaviy hamkorlikning kuchayishiga xizmat qiladi.