Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Qoʻshilmaslik harakatining 19-sammitida ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 22 Yanvar 2024 1118

    Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Bahromjon Aʼloyev boshchiligidagi delegatsiya 2024-yil 19-20-yanvar kunlari Ugandaning Kampala shahrida boʻlib oʻtgan Qoʻshilmaslik harakatining 19-sammitida ishtirok etdi.

    Tadbirda 100 dan ortiq davlat delegatsiyalari, jumladan, davlat, hukumat, tashqi ishlar idoralari rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari ishtirok etdi.

    Uchrashuvda xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, shuningdek, global miqyosda tinchlik va barqarorlik hamda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlashda Harakatning mavjud salohiyatidan foydalanish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasi 2027-2029-yillarda Qoʻshilmaslik harakati raisligiga Oʻzbekiston nomzodini qoʻllab-quvvatlaganliklari uchun Harakatning barcha aʼzolariga minnatdorlik bildirib, ishtirokchilarni Oʻzbekistonda jamiyatning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli va jadal islohotlarning asosiy yoʻnalishlari haqida maʼlumot berdi.

    Transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiy va moliyaviy tizimlarni takomillashtirish, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish va atrof-muhitni muhofaza qilish muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi. Ilm-fan va innovatsion texnologiyalar sohasida oʻzaro hamkorlik va tajriba almashishni kuchaytirish, yosh avlodni qoʻllab-quvvatlash zarurligi qayd etildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.