Joriy yilning 13–17-noyabr kunlari boʻlib  oʻtadigan tadbirda 196 mamlakat va Yevropa Ittifoqidan 500 ga yaqin delegatlar, fuqarolik jamiyati va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etmoqda. Ular Konvensiyaning strategik maqsadlariga erishish yoʻlidagi taraqqiyotni koʻrib chiqadilar. UNSSD imzolanganidan beri birinchi marta uning eng muhim yigʻilishlaridan biri Markaziy Osiyoda oʻtkazilmoqda.

CRIC-21 ishtirokchilari BMTning 2018–2030-yillarga moʻljallangan strategiyasiga muvofiq yer degradatsiyasining oldini olish boʻyicha global maqsadlarga erishish boʻyicha taraqqiyotni koʻrib chiqish va tavsiyalar berish imkoniyatiga ega boʻladi.

Tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrik soʻzi oʻqib eshittirildi.

«Oliy forum kun tartibidan zamonamizning iqlim muammolariga birgalikda qarshi turish va choʻllanishga qarshi kurashda keng xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga oid hayotiy muhim masalalar oʻrin olgan. Taʼkidlashni istardimki, Oʻzbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsiri va ular keltirib chiqaradigan ijtimoiy, ekologik muammolarning ogʻir oqibatlarini toʻliq his qilmoqda.

Bugun biz bir avlodning koʻz oʻngida yoʻq boʻlib borayotgan Orol dengizi global halokatining ogʻir oqibatlariga qarshi kurashyapmiz. Bu tahdidlarning barchasi va boshqa koʻplab omillar nafaqat mintaqamizda, balki butun dunyoda aholi farovonligi va salomatligiga bevosita taʼsir koʻrsatmoqda, bu esa Barqaror rivojlanishning asosiy maqsadlariga erishish yoʻlida hamkorlikni yanada mustahkamlash taqozo etmoqda.

Oʻzbekistonning joriy sessiya yakunlariga koʻra qum va chang boʻronlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish tashabbusi xalqaro ekspertlar hamjamiyati tomonidan qoʻllab-quvvatlanishiga ishonaman.

Ishonchim komilki, mazkur koʻp tomonlama hujjat ana shunday jiddiy ekologik muammolardan erta ogohlantirish va samarali kurashishga qaratilgan umumiy saʼy-harakatlarimizga muhim hissa boʻlib, ilmiy almashinuvni kengaytiradi, yangi texnik koʻmak dasturlari va maqsadli investitsiya loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi», — deyiladi tabrikda.

Bugun, 13-noyabr, tadbirning birinchi kunida dastlabki yalpi majlis boshlandi, unda CRIC-21 raisi, UNCCD ijrochi kotibi Ibrohim Tiau, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov nutq soʻzladi.