O‘zbekiston respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 17 Noyabr 2020 10364

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Soʻnggi yillarda gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini gidrometeorologik maʼlumotlar bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirildi.

    Hozirgi vaqtda milliy gidrometeorologiya xizmati 330 dan ortiq gidrometeorologik kuzatuvlar va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringini olib boruvchi punktlarni birlashtirib, ular yordamida 240 turdan ortiq prognostik, sunʼiy yoʻldoshlardan olinadigan, tahliliy, ixtisoslashtirilgan va maʼlumotnoma tusidagi gidrometeorologik mahsulotlar tayyorlanishi yoʻlga qoʻyilgan.

    Shu bilan birga, suv va qishloq xoʻjaligi, energetika, shaharsozlik, sanoat, transport va turizm kabi ob-havoga bogʻliq iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishi va faoliyat koʻrsatishiga koʻmaklashuvchi gidrometeorologik xizmatlar sifati va maʼlumotlarning oʻz vaqtida taqdim etilishiga salbiy taʼsir etuvchi qator muammolar mavjudligi ushbu sohaga alohida eʼtibor qaratishni taqozo etmoqda.

    Xususan, gidrometeorologiya faoliyatini tartibga solishning huquqiy asoslari tizimlashtirilmaganligi, gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirishning uzoq muddatli konsepsiyasi mavjud emasligi, ushbu sohadagi ilmiy-tadqiqot faoliyati zamonaviy talablarga javob bermasligi, gidrometeorologik kuzatuv tarmogʻining rivojlanmaganligi, shuningdek, boshqaruv va prognozlar tayyorlash jarayonlarining ortiqcha markazlashtirilganligi, xodimlar yetarli darajada moddiy ragʻbatlantirilmayotganligi yuklangan vazifalarning samarali bajarilishini taʼminlamayapti.

    Iqtisodiyot tarmoqlari va aholini gidrometeorologik va iqlimiy maʼlumotlar bilan taʼminlash va monitoring yuritish tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, gidrometeorologik axborotni olish, toʻplash va tarqatishda zamonaviy axborot hamda sunʼiy yoʻldosh texnologiyalaridan keng foydalanish maqsadida:

    1. Quyidagilar:

    a) 2020-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;

    b) 2020-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha“yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq;

    v) Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi kuzatuv tarmogʻini kengaytirish va avtomatlashtirish boʻyicha dastur (keyingi oʻrinlarda – Dastur) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Dastur 2020-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi (keyingi oʻrinlarda – Oʻzgidromet) uchun nazarda tutilgan Davlat byudjeti mablagʻlari, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

    2. Oʻzgidromet Oʻzbekiston Respublikasida gidrometeorologiya, iqlim oʻzgarishi va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi sohasida vakolatli davlat organi etib belgilansin.

    Oʻzgidromet Markaziy Osiyo davlatlari uchun Jahon meteorologiya tashkilotining Mintaqaviy ixtisoslashtirilgan meteorologiya markazi, shuningdek, Jahon meteorologiya tashkiloti Jahon ob-havo xizmatining gidrometeorologik maʼlumotlarni toʻplash, ishlov berish va tarqatish boʻyicha Mintaqaviy telekommunikatsiya markazi funksiyalarini bajarishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

    3. Oʻzgidromet huzuridagi “Meteoinfosistem” axborot-texnik boshqarmasi negizida “Gidrometeorologiyada axborot texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda – Meteoinfokom) tashkil etilsin.

    Belgilansinki:

    Meteoinfokom xodimlariga Oʻzgidromet xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va mukofotlash tartibi qoʻllaniladi;

    Meteoinfokomni joriy saqlash, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va xodimlari mehnatini qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish Davlat byudjeti, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

    4. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Oʻzgidrometning Toshkent gidrometeorologiya kolleji negizida Toshkent gidrometeorologiya texnikumini (keyingi oʻrinlarda – Texnikum) tashkil etish va uni Oʻzgidromet tizimiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

    Texnikum gidrometeorologiya sohasida oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha bazaviy oʻquv muassasasi, meteorologiya, gidrologiya, gidrometeorologiyada aloqa va kommunikatsiyalar sohasida kasb-hunar taʼlimi boʻyicha oʻquv dasturlarini ishlab chiqish uchun masʼul etib belgilansin.

    Belgilansinki:

    Texnikumda kadrlar tayyorlash davlat buyurtmasi va toʻlov-shartnoma asosida amalga oshiriladi;

    Texnikumning bino va inshootlarini saqlash, xodimlar mehnatiga haq toʻlash Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

    Texnikum Jahon meteorologiya tashkilotining Mintaqaviy oʻquv markazi funksiyalarini bajarishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

    5. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻzgidrometda gidrometeorologiya, xavfli gidrometeorologik hodisalardan ogohlantirish va ularning oldini olish, aviatsiyaga meteorologik xizmat koʻrsatish va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi sohasida faoliyat yurituvchi xodimlarning Toshkent gidrometeorologiya texnikumida dastur asosida malakasini oshirish tartibi joriy etilsin.

    Mazkur band ijrosini samarali tashkil etish maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligi (T.A.Xudaybergenov), Mudofaa vazirligi (B.N.Qurbonov), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) bir oy muddatda xodimlarning malakasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin.

    6. Vazirlar Mahkamasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Oʻzgidrometning “Gidrometpribor” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasini tugatish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

    7. Oʻzgidromet tuzilmasida:

    Oʻzgidromet xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida Bosh direktorning axborot texnologiyalarini joriy etish va innovatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari hamda Bosh direktorning moliya-xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimlari joriy etilsin;

    Toshkent shahar gidrometeorologiya boshqarmasi tashkil etilsin.

    8. Quyidagilar:

    Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazining tashkiliy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;

    Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi markaziy apparatining tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq;

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar gidrometeorologiya boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Oʻzgidromet bosh direktoriga, zarur hollarda, markaziy apparat, uning tarkibiy tuzilmalari va hududiy boshqarmalari tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

    9. 2021-yil 1-yanvardan boshlab:

    a) Oʻzgidromet va Meteoinfokom xodimlarining lavozim maoshlarini hisoblashda Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlari uchun belgilangan tarif koeffitsiyenti ikki baravar oshirilgan holda qoʻllanilsin;

    b) Oʻzgidromet va Meteoinfokom xodimlariga sohada uzoq muddat xizmat qilgani uchun quyidagi miqdorda oylik ustama haq toʻlansin (belgilangan ustamalarni hisobga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda):

    2 yildan 5 yilgacha – 0,2; 5 yildan 10 yilgacha – 0,3; 10 yildan 15 yilgacha – 0,4; 15 yildan 20 yilgacha – 0,5; 20 yildan 25 yilgacha – 0,6; 25 yildan ortiq – 0,7.

    Bunda, sohada uzoq muddat xizmat qilganlik uchun ish haqiga ustama haq olish huquqini beradigan mehnat stajini hisoblashda Oʻzgidromet va uning tizim tashkilotlaridagi ish staji inobatga olinadi.

    Belgilansinki, ushbu bandda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq, shuningdek, Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti bino va inshootlarini saqlash, xodimlar mehnatiga haq toʻlash boʻyicha xarajatlar Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

    Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) ushbu bandda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni Davlat byudjeti mablagʻlaridan moliyalashtirishni taʼminlasin.

    10. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu.Abduraxmonov) Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot institutining iqtisodiyot tarmoqlariga global iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsirini kamaytirish va uning oqibatlarini yumshatishga yoʻnaltirilgan gidrometeorologiya faoliyati boʻyicha ilmiy loyihalarni shakllantirish orqali ilmiy-tadqiqot ishlanmalarini moliyalashtirishni taʼminlasin.

    Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2021-2023-yillarda oʻtkaziladigan ilmiy tadqiqotlarning asosiy yoʻnalishlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    11. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Oʻzgidrometning 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida Gidrometeorologiya fakultetini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

    12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi 2021-yildan boshlab belgilangan tartibda Oʻzgidrometning salohiyatli xodimlarini yetakchi xorijiy taʼlim, ilmiy va ixtisoslashtirilgan muassasalarda oʻqitish, malakasini oshirish hamda stajirovka oʻtashini tashkil etsin.

    13. Oʻzgidromet (Sh.H.Habibullayev):

    a) gidrometeorologiya sohasida xalqaro hamkorlikni yana-da takomillashtirish, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli Konvensiyasi va Parij bitimi doirasidagi majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan har yarim yilda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;

    b) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (Sh.M.Qodirov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M.Sadikov), Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu.Abduraxmonov) bilan birgalikda ikki oy muddatda gidrometeorologiya faoliyatida sunʼiy yoʻldosh va yerni masofadan zondlash texnologiyalaridan keng foydalanish, shuningdek, gidrometeorologik maʼlumotlar bilan almashish uchun maʼlumotlar uzatishning yagona telekommunikatsiya tarmogʻini yaratish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

    v) Oʻzbekiston Respublikasida aviatsiyani meteorologik maʼlumotlar bilan taʼminlash sohasida xalqaro meʼyoriy hujjatlar qoidalari va talablarini milliy miqyosda amalga oshirish boʻyicha Jahon meteorologiya tashkiloti va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti bilan hamkorlikni taʼminlasin;

    g) 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Rossiya davlat gidrometeorologiya universiteti va boshqa xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha gidrometeorologiya yoʻnalishida kadrlar tayyorlashni tashkil etsin;

    d) xavfli gidrometeorologik hodisalarni prognoz qilish, kuzatish, ular sodir boʻlishi xavfi yuqori boʻlgan mintaqalar va hududlarni aniqlash, tegishli profilaktik tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha zarur koʻrsatmalar berishni taʼminlasin, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimidagi xizmatlarga tezkor gidrometeorologik maʼlumotlar taqdim etib borsin;

    ye) quyidagilarni:

    uch oy muddatda atrof tabiiy muhit monitoringi tahlil laboratoriyalarining moddiy-texnik jihozlanishini tubdan yaxshilash, shuningdek, tahlillarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan kimyoviy reaktivlar, sinov gazlari, prekursorlar va boshqa sarflash materiallari bilan ularni taʼminlash boʻyicha takliflarni;

    2022-yildan boshlab har yili 1-dekabrga qadar joriy yil uchun belgilangan vazifalarning bajarilishini chuqur tahlil qilgan holda Konsepsiyani amalga oshirish yuzasidan kelgusi yilga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturini;

    2021-yil 1-fevralga qadar gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar faoliyatiga ruxsat berish va maʼlumot almashinish tartibini;

    2021-yil 1-martga qadar xalqaro moliya institutlari va fondlarning gidrometeoreologiya va atrof tabiiy muhit monitoringini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan texnik koʻmak loyihalari dasturini;

    “Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan gidrometeorolog” unvonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qonunlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

    j) Energetika vazirligi (A.S.Sultanov) bilan birgalikda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida amalga oshirishda investorlarga shartnoma asosida meteorologik va gidrologik maʼlumotlarni taqdim etishni tashkil etsin;

    z) Energetika vazirligining buyurtmasiga binoan, shartnomalar asosida, yangi quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilgan hududlarda tegishli oʻrganish va tadqiqotlarni amalga oshirsin.

    14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
    va Toshkent shahar hokimliklari 8-8o-ilovalarga muvofiq Oʻzgidromet buyurtmalari boʻyicha Dasturda nazarda tutilgan yangi ochilayotgan gidrometeorologiya stansiyalari va postlari uchun yer uchastkalari (sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yerlaridan tashqari) ajratilishini
    hamda mahalliy byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga bino-inshootlar qurilishini taʼminlasin.

    15. Oʻzgidromet (Sh.H.Habibullayev) Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) va Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R.Hamrayev) bilan birgalikda 9-ilovaga muvofiq sohalarga jalb etiladigan xalqaro moliya tashkilotlari grantlari hisobiga mavjud va yangi ochilayotgan meteorologiya, gidrologiya va agrometeorologiya stansiyalari va postlarini avtomatik qurilmalar bilan jihozlashni hamda xodimlarning malakasini oshirishni taʼminlasin.

    16. Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (N.J.Bakirov) Oʻzgidromet (Sh.H.Habibullayev) va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda gidrometeorologik maʼlumotlar asosida choʻllanishning oldini olish, qurgʻoqchilikka qarshi kurashish, oʻrmonlarni qayta tiklash va ihota oʻrmonlarini koʻpaytirish ishlarini samarali tashkil etsin.

    17. Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R.Hamrayev) Oʻzgidromet (Sh.H.Habibullayev) bilan birgalikda suv zaxiralari va resurslarini nazorat qilish, suv resurslari boʻyicha prognozlar ishonchliligini oshirish boʻyicha tezkor gidrometeorologik maʼlumotlar taqdim etib borishni taʼminlasin.

    18. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M.Sadikov) Oʻzgidrometda maʼlumotlarni uzatish yagona korporativ tizimini tashkil etish orqali gidrometeorologik axborot va sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari yagona telekommunikatsiya tarmogʻini yaratishni taʼminlasin.

    19. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A.Xodjayev), Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (A.I.Maqsudov), Energetika vazirligi (A.S.Sultanov) va Transport vazirligining (I.R.Maxkamov) Oʻzgidromet moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, gidrometeorologik infratuzilmani yangilash hamda sohaga malakali mutaxassislarni jalb etish maqsadida ushbu qarorning 10-ilovasiga muvofiq mablagʻlarni bir oy muddatda koʻrsatiladigan xizmatlar uchun oldindan toʻlov sifatida Oʻzgidrometga oʻtkazib berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

    20. Belgilansinki, Oʻzgidromet tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar va maʼlumotlar shartnoma asosida taqdim etiladi.

    Oʻzgidromet Bosh direktoriga (Sh.H.Habibullayev):

    Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzgidromet tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yana-da yaxshilash, ob-havo prognozlarining aniqligini oshirish hamda soha infratuzilmasini yangilashga yetarlicha shart-sharoitlar yaratish maqsadida koʻrsatilayotgan barcha xizmat tariflarini tasdiqlash;

    gidrometeorologiya sohasidagi xorijiy ilgʻor tajribasini tatbiq etish maqsadida xorijiy oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini
    va mahalliy mutaxassislarni belgilangan shtat birliklari doirasida shartnoma asosida ishga jalb etish huquqi berilsin.

    Malakali mutaxassislar va Oʻzgidromet oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasida belgilangan miqdordagi ish haqini toʻlash bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlar Oʻzgidrometning byudjetdan tashqari mablagʻlari hamda xalqaro moliya institutlarining grant va texnik koʻmak mablagʻlari hisobidan qoplanishi belgilansin.

    21. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:

    Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi toʻgʻrisidagi nizomni;

    Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti tuzilmasini;

    Toshkent gidrometeorologiya texnikumida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻzgidromet xodimlarining malakasini oshirishni tashkil etish tartibini tasdiqlasin;

    Oʻzgidromet tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun tariflar ishlab chiqilishini taʼminlasin.

    22. Quyidagilar:

    a) Bosh vazirning maslahatchisi O.M.Umarov:

    mazkur qarorning sifatli, toʻliq va oʻz vaqtida ijro etilishi, masʼul vazirlik hamda idoralarning faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish, ular rahbarlarining koʻrilgan choralar haqidagi hisobotlarini eshitish, aniqlangan muammo va kamchiliklarni tezkor bartaraf etishga;

    “Yoʻl xaritasi” va Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini muvofiqlashtirishga;

    mazkur qarorda nazarda tutilgan koʻrsatkichlarga toʻliq va oʻz vaqtida erishishni taʼminlash yuzasidan masʼul vazirlik va idoralarning birinchi navbatdagi vazifalarini belgilab berish hamda faoliyatini muvofiqlashtirib borishga;

    amalga oshirilgan ishlar boʻyicha masʼullarning har oylik hisobotlarini eshitib borishga;

    yuklatilgan vazifalar toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlamagan mansabdor shaxslarga nisbatan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisida takliflar kiritib borishga;

    b) moliya vaziri T.A.Ishmetov:

    zarur mablagʻlar oʻz vaqtida ajratilishi, manzilli sarflanishi va toʻliq oʻzlashtirilishiga;

    byudjetdan qoʻshimcha ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishini nazorat qilishga;

    v) Oʻzgidromet bosh direktori Sh.H.Habibullayev:

    “Yoʻl xaritasi” va Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarishga;

    gidrometeorologiya xizmatlarini koʻrsatish faoliyatiga intellektual tizimlar, axborot resurslari va boshqa dasturiy mahsulotlarni joriy etishga;

    gidrometeorologiya xizmatining texnologik infratuzilmasini rivojlantirishga;

    g) tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga“Yoʻl xaritasi” va Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarishga;

    d) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Oʻzgidrometning hududiy boshqarmalarini rivojlantirish dasturlarini bajarishga shaxsan masʼul va javobgar ekanligi belgilab qoʻyilsin.

    23. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi faoliyatini yana-da takomillashtirish boʻyicha tashkiliy tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3029-son qarori 4-bandining oltinchi xatboshisi hamda qarorga 10-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

    24. Oʻzgidromet manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    25. Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

    Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorak yakuni boʻyicha axborot berib borilsin.

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2020-yil 17-noyabr