Mamlakatimizni 2017-2021-yillarda rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasida madaniyat, ilm-fan, adabiyot, sanʼat sohalarini yuksaltirish ijtimoiy sohani rivojlantirishning asosiy yoʻnalishi sifatida belgilangan.

Aholi, xususan, yoshlarning madaniy saviyasini oshirish, ularni milliy va umumbashariy madaniyatning eng yaxshi namunalaridan bahramand etish, shu asosda maʼnaviy yetuk, barkamol shaxslarni tarbiyalash, zamonaviy madaniyat va sanʼat muassasalari barpo etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, teatr, musiqa, tasviriy sanʼat hamda boshqa sanʼat turlarini rivojlantirish, yosh isteʼdod egalarining qobiliyati va salohiyatini roʻyobga chiqarish masalalari davlatimizning ustuvor vazifalariga aylanib bormoqda.

Shu maʼnoda, “Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sanʼat xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonun Strategiyada belgilangan maqsad va vazifalar izchil amalga oshirilayotganing yana bir tasdigʻidir.

Madaniyat vazirligi, “Oʻzbekkino” milliy agentligi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, Oʻzbekiston teatr arboblari uyushmasi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda keng jamoatchilikning takliflarini hisobga olib, madaniyat va sanʼatning jamiyatimiz ijtimoiy-maʼnaviy hayotida tutgan oʻrnini hisobga olib, soha xodimlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Qonun bilan 15-aprel Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sanʼat xodimlari kuni sifatida belgilanmoqda.

Ayna paytda dunyoning koʻplab davlatlarida ushbu sana Xalqaro madaniyat kuni sifatida nishonlanadi. Xususan, 2008-yildan Italiya, Ispaniya, Rossiya, Argentina, Meksika, Kuba, Latviya va Litva kabi davlatlarda 15-aprel – Xalqaro madaniyat kuni Tinchlik bayrogʻi ostida tantana qilinadi.

Mamlakatimizda madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish, oʻzbek milliy madaniyati va sanʼati nufuzini jahon miqyosida oshirish, yosh isteʼdod egalarining qobiliyati va salohiyatini roʻyobga chiqarish borasida fidokorona mehnat qilgan va yuqori natijalarga erishgan yurtdoshlarimiz aynan mana shu bayram kunida “Madaniyat va sanʼat fidokori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishi koʻzda tutilgan.

Xalq ijodiyoti rivojlantirish, madaniyat va sanʼat sohasidagi mahoratli ijrochi va ijodkorlar, professional kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, milliy sanʼatimiz namunalari jahon sahnasida eʼtirof etilishi uchun sharoitlar yaratishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan qonun yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.