O'zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o'rinbosari tayinlandi

    Moliya 16 Sentabr 2020 4000

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 15-sentyabrdagi №PQ- 4822 Qaroriga asosan Qurbanmurat Xolmuratovich Taparov Moliya vaziri oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.

    Qurbanmurat Taparov 1978-yilda Qashqadaryo viloyati, Gʻuzor tumanida tugʻilgan, millati oʻzbek. Maʼlumoti oliy, 1999-yilda Qarshi davlat universitetini, 2004-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi va 2012-yilda Ritsumeykan Universitetlarini (Yaponiya) tamomlagan.

    K.Taparov oʻz faoliyatini 1999-yilda Qashqadaryo viloyati moliya boshqarmasining 1-toifali iqtisodchisi lavozimida boshlagan.

    2003-yilda Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hisob-kitobi jamgʻarmasining Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy yetakchi inspektori sifatida, keyinachalik, ushbu boshqarmaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti va mahalliy byudjetlarning tuzilishi va ijro etilishi ustidan nazorat olib borish boʻlimi bosh iqtisodchisi, boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari va boʻlim boshligʻi lavozimlarida ishlagan.

    2017-2018-yillarda - Moliya vazirligi Hududlar moliyasi bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari va keyinchalik boshqarmasi boshligʻi.

    2018-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan ishlash shoʻbasi yetakchi inspektori lavozimida ishlab kelgan.

    Tayinlovga qadar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hokimiyat vakillik organlari va siyosiy partiyalar bilan hamkorlik qilish shoʻbasi yetakchi inspektori lavozimida samarali faoliyat yuritgan.

    Moliya vazirligi

    Axborot xizmati