Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻttiz toʻrtinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi

    Mamlakatimizda 9 Noyabr 2022 1080

    2022-yil 9-noyabrda Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻttiz toʻrtinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda senatorlar, hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

    Videokonferensaloqa formatida boʻlib oʻtgan yalpi majlisni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

    Senatorlar «TURKSOY tuzilmasi va faoliyat koʻrsatish prinsiplari toʻgʻrisidagi Shartnomani (Olma-ota, 1993-yil 12-iyul) ratifikatsiya qilish haqida»gi Qonunni koʻrib chiqdi.

    6 ta mamlakat tomonidan imzolangan Shartnoma Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotining (TURKSOY) taʼsis hujjati hisoblanishi taʼkidlandi.

    TURKSOYning asosiy maqsadi turkiy tilli mamlakatlar va xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro tushunishni yaxshilash, koʻp tomonlama madaniy aloqalarni yanada yaqinlashtirish va mustahkamlash, boʻlajak avlodlarni milliy madaniyat manbalari bilan tanishtirishdan iborat.

    Muhokama doirasida Oʻzbekiston mazkur tashkilot bilan hamkorlik boʻyicha boy va samarali tajriba toʻplagani alohida taʼkidlandi.

    Senatorlar shartnomaning ratifikatsiya qilinishi Oʻzbekistonning hamkor mamlakatlar bilan madaniy-gumanitar hamkorlikni izchil mustahkamlashga sodiqligining yana bir dalili boʻlishini taʼkidladi.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

    Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻttiz toʻrtinchi yalpi majlisi oʻz ishini yakunladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.