O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishida ishtirok etadi

    Hukumat 10 Dekabr 2020 3823

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Prezidenti, Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi raisi Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan 2020 yil 11 dekabr kuni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ning videoanjuman shaklida o‘tadigan sammitida ishtirok etadi.

    Tadbirda YeOIIga a’zo davlatlar – Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, shuningdek, kuzatuvchi maqomidagi Moldova va taklif etilgan mamlakat sifatida Kuba yetakchilari ishtirok etadi.

    O‘zbekiston Respublikasiga tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini berish sammit kun tartibidagi asosiy masalalardan biridir.

    Davlatimiz rahbari o‘z nutqida O‘zbekistonning YeOII bilan o‘zaro manfaatli hamkorligining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishi kutilmoqda.

    Ta’kidlash joiz, shu yil may oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi faoliyatida kuzatuvchi davlat maqomida ishtirok etishi to‘g‘risidagi taklifni ma’qullagan edi.