Tashrif dasturida Parij shahrida oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar, Fransiya Parlamentining quyi palatasi – Milliy yig‘inida uchrashuv hamda ushbu mamlakatning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari ishtirokida ishbilarmonlik tadbirlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Kun tartibidan konstruktiv siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, faol gumanitar va ta’lim almashinuvlarini davom ettirish masalalari o‘rin olgan.
Sammit yakunida o‘ndan ortiq muhim ikki tomonlama hujjatlar, shuningdek, investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari to‘plamining qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlash joizki, tashrif kunlari Fransiya poytaxtidagi jahonga mashhur Luvr muzeyi va nufuzli Arab dunyosi institutida mamlakatimizning boy madaniy va tarixiy merosiga bag‘ishlangan noyob ko‘rgazmalar ochiladi.
Bundan tashqari, shu kunlarda Parijda Fransiyaning «MEDEF» tadbirkorlar harakati ko‘magi bilan tashkil etilgan biznes forum bo‘lib o‘tmoqda.