O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasini qabul qildi

    Hukumat 1 Dekabr 2021 2254

    1-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikovni qabul qildi.

    Uchrashuv avvalida Aleksandr Bortnikov davlatimiz rahbariga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

    O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Joriy yil 19-noyabr kuni Moskva shahrida o‘tgan oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuvning samarali natijalari yuksak baholandi.

    Xavfsizlikka zamonaviy tahdidlarga, shu jumladan terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, kiberjinoyatlar, narkotrafik va boshqa xavf-xatarlarga qarshi kurashishda ikki mamlakat vakolatli organlari o‘rtasidagi muntazam aloqalarni davom ettirish va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

    Afg‘onistonda vujudga kelayotgan holatdan kelib chiqib mintaqadagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.