O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammitidagi nutqi

    Hukumat 19 May 2023 5370

    Biz yangi iqtisodiy muloqotni shakllantirish va mamlakatlarimiz oʻzaro bogʻliqligini kuchaytirish tarafdorimiz.

    Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

    Sizlar bilan yana ko‘rishib turganimdan g‘oyat xursandman.

    Hamkasblarimning fikrlariga qo‘shilgan holda, janob Rais Si Szinpinga “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi birinchi yuzma-yuz uchrashuvni o‘tkazish tashabbusi hamda an’anaviy iliq va samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik izhor etaman.

    Sizni muhim siyosiy tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi lavozimiga qayta saylanganingiz munosabati bilan chin dildan tabriklayman.

    Xitoy Raisiga dunyoning eng qadimiy shaharlaridan biri, buyuk imperiya poytaxti bo‘lgan go‘zal Sianda bugungi uchrashuvimizni tashkil etgani uchun alohida tashakkur bildiraman.

    Yirik ilmiy, madaniy va iqtisodiy markaz bo‘lgan bu shahar ko‘p asrlar davomida butun Yevroosiyo qit’asida sivilizatsion rivojlanish, o‘zaro bog‘liqlik va taraqqiyotga munosib hissa qo‘shgan Buyuk ipak yo‘liga tamal toshi qo‘yilgan qutlug‘ maskandir.

    “Bir makon va bir yo‘l” tashabbusiga o‘n yil to‘ladigan mazkur yilda aynan mana shu joyda – Sharqda shuhrat qozongan Chan’anda biz ushbu ezgu an’analarni tiklab, mamlakatlarimizning yangi davrdagi umumiy ravnaqi uchun mustahkam poydevor qo‘yayotganimizdan mamnunman.

    Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

    Bugungi murakkab xalqaro vaziyatda bizning sammitimiz alohida ahamiyat kasb etmoqda.

    Mamlakatlarimiz pandemiya bilan bog‘liq sinovlarni yengib o‘tib, global miqyosdagi ishonch taqchilligining salbiy oqibatlariga to‘qnash keldi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan barqaror transport-logistika zanjirlaridagi jiddiy uzilishlar, oziq-ovqat va energetika xavfsizligiga tahdidlar, inflyatsiya importi o‘sib borayotgan sharoitdagi ijtimoiy keskinlik bilan bog‘liq xavf-xatarlar va boshqa muammolar bizdan amaliy hamkorligimizni kuchaytirish va faoliyatimizni yanada ko‘proq muvofiqlashtirishni talab etmoqda.

    Hamkasblarimning mazmunli nutqlari va ularning hamkorlikka qat’iy tayyorligi mintaqadagi tub o‘zgarishlardan dalolat beradi.

    Bugun Markaziy Osiyo butunlay yangi – jipslashgan va kuchli, muloqot va keng ko‘lamdagi sheriklik uchun ochiq mintaqadir.

    O‘tgan yili biz mintaqa mamlakatlari va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlarning o‘ttiz yilligini birgalikda nishonladik. Ishonch, hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olishga asoslangan mukammal hamkorlikka erishdik. O‘zaro mahsulot ayirboshlash va investitsiyalar hajmi yuzlab karraga oshdi, biznes kooperatsiyasi va gumanitar almashuvlar sohasida katta tajriba orttirdik.

    Shunga alohida urg‘u berib aytmoqchiman: bizning mamlakatlarimiz – Xitoyning “Yan-guan dovoni ortida”gi vaqt sinovlaridan o‘tgan chinakam do‘stlaridir.

    Hurmatli sammit ishtirokchilari!

    Biz bugungi yig‘ilish kun tartibidagi masalalarni va Sian deklaratsiyasining asosiy bandlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bugun ilgari surilayotgan tashabbus va takliflar albatta amalga oshiriladi, deb ishonaman.

    Shu ma’noda, mintaqaviy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha samarali sheriklik mexanizmlarini shakllantirish muhimligi haqidagi fikrlarga to‘liq qo‘shilaman. Bu o‘rinda so‘z, birinchi navbatda, savdo, investitsiyalar, transport, gumanitar aloqalar haqida bormoqda.

    Shu bilan birga, kelgusi o‘n yilliklarga mo‘ljallangan ko‘p qirrali hamkorlikning uzoq muddatli kun tartibini, istiqbol uchun reja va vazifalarni ishlab chiqish prinsipial jihatdan muhim, deb hisoblayman.

    Menimcha, mamlakatlarimizda yetakchi “aql markazlari”ning birgalikdagi faoliyatini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratish talab etiladi. Tahlil institutlari, olim va mutaxassislar strategik yondashuvlar, kompleks tavsiya va qarorlar, mintaqaviy va global miqyosda tub burilish yasaydigan loyihalarni ishlab chiqishi lozim.

    Kelgusi yil Samarqandda milliy strategiyalarimizni uyg‘unlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi Xalqaro ekspertlar konferensiyasini o‘tkazishga va munozara maydonini taqdim etishga tayyormiz.

    Hurmatli hamkasblar!

    Mintaqaviy hamkorlik bilan bog‘liq eng dolzarb masalalar bo‘yicha bizning qarashlarimiz haqida alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

    Eng avvalo, bu – mamlakatlarimiz va butun mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni shakllantirishdan iborat. Bu masalada biz aholi turmush darajasini oshirish va kambag‘allikka qarshi samarali kurashishga ustuvor ahamiyat beramiz.

    Shu borada tegishli milliy dasturlarni amalga oshirishda Xitoyning ilg‘or tajribasidan faol foydalangan holda, faqatgina so‘nggi bir yilda bir milliondan ortiq fuqarolarimizni ehtiyojmandlar toifasidan chiqarishga erishdik.

    Biz kecha muhtaram Xitoy Xalq Respublikasining Raisi bilan Global taraqqiyot tashabbuslarining bosh maqsadiga erishish uchun birgalikdagi ishlarimizni davom ettirishga kelishib oldik.

    Ishonchim komil, aholi hayot darajasini oshirish va hududlarni, eng avvalo, qishloq tumanlarini rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan qo‘shma dasturni qabul qilish va amalga oshirish xalqlarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi hamda bu 2030 yilgacha bo‘lgan Kun tartibidagi maqsadlarga erishish yo‘lida umumiy hissamiz bo‘ladi.

    Biz yangi iqtisodiy muloqotni shakllantirish va mamlakatlarimiz o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish tarafdorimiz.

    Mintaqa mamlakatlari tomonidan 2030-yilgacha Xitoy bilan tovar aylanmasi hajmini ikki barobar oshirishga bemalol erishish mumkin, deb hisoblaymiz. Bunga birinchi navbatda sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishning mutanosib o‘sishi, samarali savdo-logistika infratuzilmalari va zamonaviy ulgurji-taqsimlash tarmoqlarini shakllantirish, “yashil” va ekspress-yo‘laklar tizimini joriy etish, elektron tijoratning umumiy platformasini yaratish hisobidan erishiladi.

    Mamlakatlarimizda eksport va import ko‘rgazmalari, biznes va investitsiya forumlarini har yili o‘tkazib borish, Markaziy Osiyo va Xitoy Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish muhimligini ta’kidlaymiz.

    Qulay shart-sharoitlar va zaruriy huquqiy bazani shakllantirish uchun O‘zaro savdoga ko‘maklashish va investitsiyalarni rag‘batlantirish to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitimni qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.

    Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, raqamli texnologiyalarni jalb etish va innovatsiyalarni, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga keng joriy etish masalalari Xitoyning provinsiyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hududlararo muloqotlar doirasida samarali hal etilishi mumkin.

    Amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, birodarlik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash uchun bu yil O‘zbekistonda mamlakatlarimiz shaharlari va mintaqalarining forumi va ko‘rgazmasini o‘tkazishni taklif etaman.

    Xavfsiz, qisqa va qulay transport koridorlarini rivojlantirish strategik ahamiyatga ega. Ular Xitoyni bizning mintaqalarimiz bilan bog‘lab, Yevropa, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatini beradi.

    Trans-Yevroosiyo magistrali Buyuk ipak yo‘lini tiklash bo‘yicha ustuvor loyiha hisoblanadi. Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston avtomobil va temir yo‘li ushbu magistralning muhim tarkibiy bo‘g‘inidir. Xitoy va qirg‘iz sheriklarimiz bilan birgalikda biz bu borada amaliy ishlar bosqichiga o‘tmoqdamiz.

    Istiqbolda ushbu loyihaning amalga oshirilishi va Transafg‘on koridorining qurilishi “Bir makon va bir yo‘l” tashabbusi doirasida Xitoyni Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan muqobil yo‘llar orqali bog‘lash imkonini beradi.

    Shuningdek, transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturlarning uyg‘unligini ta’minlash va shu asosda uzoq muddatga mo‘ljallangan yagona strategiyani ishlab chiqishni birinchi galdagi vazifa, deb hisoblaymiz.

    Iqlim o‘zgarishi va “yashil energetika” bo‘yicha hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratishni taklif etaman.

    Afsuski, Markaziy Osiyodagi energetika infratuzilmalarini rivojlantirish sur’atlari sanoatlashish va urbanizatsiya jarayonlaridan, shuningdek, aholi o‘sishidan ortda qolmoqda. Bu esa mamlakatlarimizning uzoq muddatli barqaror taraqqiyoti uchun chindan ham jiddiy tahdiddir.

    Xitoyning quyosh, shamol va gidro-energetika, shuningdek, loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy vositalari sohasida texnologik jihatdan yetakchi ekanini hisobga olib, muqobil energetika bo‘yicha yaqin ilmiy-amaliy sheriklikni kengaytirish zarur, deb hisoblaymiz.

    Orolbo‘yidagi ekologik muammolarni hal etish, bioxilma-xillikni himoya qilish, muzliklar va tuproq hosildorligini saqlash, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishda ham samarali hamkorlikka tayyormiz.

    Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

    Biz barqarorlik va xavfsizlik masalalari bo‘yicha mintaqaviy muloqotning bugungi darajasini yuksak qadrlaymiz. Mamlakatlarimizning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligi masalalari bo‘yicha prinsipial pozitsiyani egallab kelyapmiz.

    O‘zbekiston Xitoyning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomiga muvofiq xavfsizlikning bo‘linmasligi va tinch taraqqiyot tamoyillariga asoslangan global tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi.

    Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy maxsus xizmatlari va huquqni muhofaza qilish idoralari o‘rtasida uch yovuz kuch, narkotrafik, transchegaraviy va kiber jinoyatchilikka qarshi kurashda yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif etamiz.

    Afg‘onistonda gumanitar halokatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kelishilgan pozitsiyani ishlab chiqish va chora-tadbirlarni qabul qilish uchun Shanxay hamkorlik tashkiloti hamda Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlar doirasida Muloqot guruhi platformalaridan to‘liq foydalanish dolzarbdir.

    Hurmatli Si Szinpin janoblari, kecha siz ta’kidlab o‘tganingizdek, “Afg‘onistonda inklyuziv siyosiy tizimni yaratish, mamlakatlarimizning terrorizmga qarshi keng ko‘lamli hamkorlik o‘rnatishi bilan bog‘liq masalalarni hamjihatlikda ilgari surishimiz muhimdir.”

    Shuningdek, jahon hamjamiyati hamda Afg‘oniston hukumati tomonidan o‘zaro majburiyatlarni bajarish algoritmini ishlab chiqish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida yuqori darajadagi Xalqaro guruhni tuzish haqidagi tashabbusimiz qo‘llab-quvvatlanadi, deb umid qilamiz.

    Birgalikdagi harakatlarimizni muntazam kelishib olish uchun bugungi formatda Xavfsizlik kengashlari kotiblari uchrashuvi mexanizmini yaratishni taklif etamiz.

    Qadrli do‘stlar!

    Bizning mamlakatlarimiz va xalqlarimiz milliy madaniyatlarni o‘zaro boyitib borish uchun katta sivilizatsion salohiyat va ulkan imkoniyatlarga egadir. Kecha Markaziy Osiyo va Xitoy Madaniyat va san’ati yili hamda Yoshlar festivalining ochilishi doirasida bo‘lib o‘tgan ajoyib konsert bunga yaqqol misoldir.

    Ezgu an’anaga aylanib qolgan gumanitar almashuvlar, turli ko‘rgazmalar, konsert va gastrollar, qo‘shma sport tadbirlarini yoshlarimizni keng jalb etgan holda, doimiy o‘tkazib borishni davom ettirishimiz muhim, deb hisoblayman.

    Kelgusi yilda mamlakatlarimiz Yosh iste’dodlari forumini yo‘lga qo‘yishni taklif etamiz.

    Xitoy tomoniga an’anaviy tibbiyot, ko‘z kasalliklarini davolash va ta’lim sohalaridagi muhim tashabbuslari va qo‘shma dasturlar uchun minnatdorlik bildiraman.

    Hurmatli hamkasblar, delegatsiyalar rahbarlari!

    Bizning mamlakatlarimiz strategik sherik va ishonchli do‘stlardir. Bizning o‘zaro ishonch, hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish prinsiplariga asoslangan ko‘p yillik hamkorligimiz hech qachon siyosiy kon’yunkturalarga bog‘liq bo‘lmagan.

    Bugungi xalqaro munosabatlarda qarama-qarshilik kuchaygan va oqibatini oldindan aytib bo‘lmaydigan sharoitda ham biz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlayapmiz va xalqlarimiz uchun farovon kelajakni birgalikda quryapmiz.

    Mamlakatlarimiz pandemiya davrida bir-biriga samarali yordam ko‘rsatgani ana shunday alohida munosabatlarning yaqqol tasdig‘idir.

    Shu munosabat bilan, Xitoy tomonining Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasida do‘stlik va strategik sheriklikni mustahkamlash uchun uchrashuvlarimizni muntazam o‘tkazib borish to‘g‘risidagi strategik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni istar edim.

    Rais Si Szinpin janoblari, siz buyuk Xitoyning donishmand rahbari, bizning mintaqamizda, umuman, butun jahonda xavfsizlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlash tarafdorisiz. Bizning uchrashuvlarimiz va bugungi sammit bu fikrning yaqqol isbotidir.

    Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasida konstitutsiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va bo‘lajak Prezident saylovini qo‘llab-quvvatlaganingiz hamda ezgu tilaklaringiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.

    Mazkur anjumanning samarali natijalari yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va har tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga, mamlakatlarimiz va xalqlarimizning farovonligiga xizmat qilishiga aminman.

    E’tiboringiz uchun rahmat.