O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqi

    Hurmatli forum ishtirokchilari! Xonimlar va janoblar! Avvalambor, Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etayotgan siz, azizlarni chin qalbimdan samimiy qutlashga ijozat bergaysiz.

    Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardimki, yildan-yilga yaxshi an’anaga aylanib borayotgan ushbu format doirasida yurtimizda dunyoning barcha qit’alaridan yangidan-yangi ishonchli hamkorlarimiz jam bo‘lmoqda.

    O‘tgan uch yil davomida mazkur forum ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish, eng dolzarb muammolarni muhokama qilish, ilg‘or g‘oya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun samarali muloqot maydoniga aylandi. Bugungi tadbirimizga 93 ta davlatdan ikki yarim mingdan ortiq xorijiy mehmonlar kelgani ham forumning ahamiyati tobora ortib borayotganini yaqqol tasdiqlaydi.

    Bu o‘z navbatida, mamlakatimizda ortga qaytmas tus olgan islohotlarga, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga bo‘lgan ulkan qiziqishdan dalolat beradi.

    Hurmatli forum qatnashchilari!

    Bugungi anjumanimiz global geosiyosiy va iqtisodiy muammolar avj olayotgan, barqaror rivojlanish yo‘lida xavf va tahdidlar kuchayib borayotgan davrga to‘g‘ri kelmoqda.

    Dunyo tartibotida chuqur transformatsiya jarayonlari kechmoqda. Tovar va xizmatlarni yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlar, xalqaro savdoning pasayishi, investitsiya oqimlarining kamayishi, iqlim ofatlarining kuchayishi – vaziyat naqadar beqaror va zaif ekanini yaqqol ko‘rsatmoqda.

    Jahon iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari so‘nggi uch yil davomida pasaymoqda. To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar bilan bog‘liq tendensiyalar ham kutilgan umidlarni oqlamayapti. 2023-yilda rivojlanayotgan davlatlarga kiritilgan investitsiyalar umumiy hajmi 9 foizga kamaydi.

    Albatta, biz bugun jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketayotganini yaxshi tushunamiz. Biroq bir o‘zgarmas haqiqat tobora oydinlashmoqda. Hech bir mamlakat bu kabi o‘tkir muammolarni yakka holda hal eta olmaydi. O‘zaro ishonch va hurmat ruhi, bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyili uzoq muddatli hamkorlikning mustahkam ustuni bo‘lib qolaveradi.

    Hurmatli xonimlar va janoblar!

    Biz mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, bu yo‘ldagi to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish uchun qat’iy qadamlar tashladik. Aynan shu bois har bir sarmoyador o‘zini erkin va ishonchli his qilishi uchun keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirayapmiz.

    Sizlar yaxshi bilasiz, bundan yetti yil muqaddam biz uchun oson bo‘lmagan, lekin katta marralarni ko‘zlagan tizimli islohotlarni boshlagan edik. Biz iqtisodiyotni erkinlashtirish, qulay investitsiya muhitini yaratish, tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni har tomonlama kengaytirishni asosiy maqsadimiz etib belgiladik.

    So‘nggi yillarda iqtisodiyotimiz qariyb ikki barobar o‘sdi. O‘tgan yil yakuni bo‘yicha bu o‘sish 6 foizni tashkil qildi. Inflyatsiya 9 foizgacha pasaydi. Savdo aylanmasi ko‘rsatkichlari muttasil oshmoqda. Valyuta bozori va oltin-valyuta zaxiralari barqarorligi saqlab qolinmoqda.

    Oxirgi yillarda mamlakatimizda 60 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablag‘lari ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi.

    O‘tgan yilning o‘zida xorijiy investitsiyalar hajmi qariyb ikki barobar ko‘paydi. Shu o‘rinda energetika sohasida “ACWA Power”, “Masdar”, “Total Eren”, “Voltalia”, “Ҫalɩk” va “Aksa”; kimyo sanoatida “Air Products”, “Indorama” va “Kamse”, tog‘-kon va metallurgiyada – “Orano” va “DANIELI”, avtomobilsozlik va elektrotexnika yo‘nalishlarida “BYD”, “Kia” va “Samsung”, qurilish sohasida “Koҫ” va “KNAUF” kabi dunyoning yetakchi kompaniyalari hamda yirik brendlari bilan 300 dan ortiq investitsiya va sanoat loyihalari ishga tushirilgani va yuz minglab yangi ish o‘rinlari yaratilganini katta mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman.

    Bugungi forum doirasida dunyoning ilg‘or kompaniyalari hisoblangan “Linde”, “Orascom”, “DataVolt”, “Bonafarm”, “PASHA holding” va boshqa sheriklarimiz ishtirokida yangi yirik loyihalarga start beramiz.

    Fursatdan foydalanib, bu ishga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan xorijiy investorlarga, barcha hamkorlarimizga o‘zimning chuqur va samimiy minnatdorligimni izhor etaman.

    Biz tadbirkorlik va biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qator aniq choralarni ishlab chiqqanmiz.

    Endilikda xorijiy sarmoyadorlar aksiyalardan olinayotgan dividendlar bo‘yicha soliqlardan uch yil muddatga ozod etiladi.

    Yaqinda Xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildik. 250 ta yirik korxonaning davlat ulushini va salkam 1000 ta ko‘chmas mulk obyektlarini sotish, 12 ta korxona aksiyalarini fond bozorlarida birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) uchun yangi dastur ham ishga tushirildi.

    Tadbirkorlar barqarorligi reytingi joriy etildi. Yuqori reytingga ega tadbirkorlik subyektlari uchun soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi.

    Energetika yo‘nalishidagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tajribasini ijtimoiy va boshqa infratuzilma sohalarida ham keng tatbiq etishni rejalashtirganmiz. Xususan, Xitoyning “Sitik” va “Kamse” kompaniyalari bilan irrigatsiya va avtomobil yo‘llari, Fransiyaning “Suez” va “Veolia” kompaniyalari bilan ichimlik suvi ta’minoti, “Inter Health” va “Pure Health” arab kompaniyalari bilan zamonaviy tibbiyot muassasalarini qurish loyihalari ishlab chiqilmoqda.

    Sanoat zonalari infratuzilmasini budjet mablag‘lari hisobidan rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratmoqdamiz. Tadbirkorlarga yer ajratishning zamonaviy shaffof tamoyillari – ya’ni, auksion savdo tizimi yo‘lga qo‘yildi. Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish doirasida qonunchilikni uyg‘unlashtirishga qaratilgan 60 dan ortiq normativ hujjatlar qabul qilindi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzilib, 2030-yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiya ishlab chiqilmoqda. O‘tgan yili Toshkentda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro tadbirlarni o‘tkazdik.

    Nizolarni adolatli hal etish maqsadida Toshkent xalqaro arbitraj markazi muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Uning tarkibida Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Italiya, Shvetsiya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlardan 90 dan ortiq nufuzli hakamlar o‘rin olgan.

    Investorlar uchun yana bir muhim ko‘rsatkich. Oxirgi yetti yilda oliy ta’lim qamrovi 9 foizdan 42 foizga oshdi, oliy o‘quv yurtlari soni 200 tadan ortdi.

    O‘zbekistonda 90 dan ortiq davlatlarga vizasiz rejim joriy etildi.

    Hurmatli forum ishtirokchilari!

    Bizning asosiy maqsadimiz – O‘zbekistonni xorijiy investorlar uchun ishonchli va uzoq muddatli hamkorga aylantirishdir.

    Davlatimiz bozor munosabatlarini rivojlantirishni, investorlar huquqlari ishonchli himoya qilinishini, qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishni, halol raqobat uchun yanada keng shart-sharoitlar yaratishni, xususiy mulk daxlsizligi va sud tizimining mustaqilligi ta’minlanishini o‘z zimmasiga olmoqda.

    Biz bu tamoyillarni o‘tgan yili umumxalq referendumida qabul qilingan yangi Konstitutsiyamizda qat’iy muhrlab qo‘ydik.

    Sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadida bugun sizlarga qator aniq takliflarni bildirmoqchiman.

    Birinchidan, yangi tahrirdagi “Investitsiyalar to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilamiz. Ushbu hujjat Jahon savdo tashkiloti tartib-qoidalari va standartlariga muvofiq ishlab chiqildi.

    Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga bu boradagi yaqin hamkorligi uchun alohida minnatdorlik izhor etmoqchiman.

    Ikkinchidan, tez orada mamlakatimizda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida Xalqaro tijorat sudi ish boshlaydi. Ushbu sud O‘zbekiston sud-huquq tizimida alohida o‘ringa ega bo‘ladi. Buning uchun yaqin muddatlarda maxsus qonunni qabul qilamiz. Protsessual kodekslarga ushbu xalqaro tijorat sudi qarorlari to‘laqonli ijro etilishiga oid me’yorlarni ham kiritamiz.

    Uchinchidan, yaqin vaqtda sanoat zonalari tizimida mutlaqo yangicha yondashuvlarni joriy etamiz.

    Yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun investorlarga yanada qulay shart-sharoitlar yaratiladi. Sanoat zonalarini boshqarishda xususiy operatorlar, jumladan, yuqori malakali xorijiy kompaniyalarni faol jalb qilish amaliyoti kengaytiriladi. Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyat muddatlari bo‘yicha cheklovlar ham bekor qilinadi.

    Xorijiy sarmoyadorlar uchun yerlarni ijaraga berish muddati 25 yildan 49 yilgacha, ya’ni, ikki barobar uzaytiriladi. Bunda, qonunlar bilan kafolatlangan amaldagi imtiyoz va preferensiyalar to‘liq saqlab qolinadi.

    Bu masalalarning barchasini ertaga Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishida batafsil muhokama qilamiz.

    Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

    Tizimli islohotlarni davom ettirish, kuchli va farovon davlat qurish maqsadida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qabul qildik. Bu muhim hujjatda barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimlarini isloh qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha 100 ta aniq vazifa o‘z aksini topgan.

    2030-yilga borib, aholi daromadlarini ikki barobar oshirish va ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishni maqsad qilib qo‘yganmiz.

    Iqtisodiyotda chuqur transformatsiya jarayonlarini, qulay investitsiya va biznes muhiti hamda sanoatda yuqori qo‘shilgan qiymatni yaratishni izchil davom ettiramiz.

    Shu o‘rinda o‘zaro manfaatli hamkorligimizni kengaytirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

    Birinchi yo‘nalish: “yashil” energetika. Energetika tarmog‘i samaradorligini oshirish butun mintaqamiz uchun dolzarbdir. Bu borada mamlakatimizda 28 ta loyiha ustida ishlar davom ettirilmoqda.

    Biz 2030-yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish va energetika balansida uning ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz.

    O‘tgan yilning o‘zida 1,4 gigavatt quvvatdagi yirik shamol va quyosh elektr stansiyalarini strategik sheriklarimiz bo‘lgan “Masdar”, “Gezhouba”, “China Energy” kompaniyalari bilan ishga tushirdik. Shuningdek, “ACWA Power” bilan “yashil vodorod” ishlab chiqarish loyihasini ham boshlab yubordik.

    Eng e’tiborli jihati – ushbu muhim loyihalar davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirilmoqda.

    Bugun forum doirasida siz, investorlarimiz uchun qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikistondagi gidroelektr stansiyalarini birgalikda qurish loyihalari taqdimotini o‘tkazamiz. Ushbu yo‘nalishda barcha davlatlar yetakchi kompaniyalarini ochiq muloqot va amaliy hamkorlikka taklif etamiz.

    Ikkinchi yo‘nalish: bank-moliya sohasi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda ko‘plab xususiy banklar ochildi. Bozorimizga Yevropaning yetakchi banklari kirib keldi. Qator raqamli banklar o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda.

    Forum doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan O‘zbekistonning yirik banklaridan biri bo‘lgan “Asakabank”ni xususiylashtirish bo‘yicha bitim imzolandi. Shuningdek, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki bilan boshqa yirik banklarimizning transformatsiyasi va xususiylashtirish jarayonlari faol olib borilmoqda.

    Moliyaviy resurslarga talabni qondirish uchun kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha yondashuvlar qayta ko‘rib chiqilmoqda.

    O‘zbekistonda xalqaro moliyalashtirish instrumentlarini rivojlantirish ustida ish olib borilmoqda. Xorijiy sarmoyalar oqimi bir necha barobar ortishi, korporativ boshqaruv sifati oshishi, yangi yetakchi bank-moliya institutlari kirib kelishini kutib qolamiz.

    Uchinchi yo‘nalish: foydali qazilmalar. O‘zbekiston – mineral resurslar va muhim metallarning katta bazasiga ega mamlakatdir. Yurtimizda oltin, mis, volfram, kumush, uranning ulkan zaxiralari mavjud. Nodir va noyob minerallar qatorida litiy, magniy, molibden, germaniy, vanadiy va indiy kabi 30 dan ortiq metallarning zaxiralariga alohida e’tibor qaratishni istardim.

    O‘tgan oyda Yevropa Ittifoqi bilan o‘ta muhim xomashyo sohasida strategik hamkorlik o‘rnatildi. Amerika Qo‘shma Shtatlari va Buyuk Britaniya bilan ham shunday bitim ustida ish olib borayapmiz.

    Bu borada zamonaviy xalqaro tajriba asosida yangi tahrirdagi “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinadi. Shu o‘rinda, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankiga bu ishdagi salmoqli hissasi uchun alohida rahmat aytmoqchiman.

    Strategik xomashyolarni chuqur qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish uchun yetakchi kompaniyalarni O‘zbekistonga taklif etamiz.

    To‘rtinchi yo‘nalish: mamlakatning IT transformatsiyasi. Bir yil ichida IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti ikki barobar oshdi. Kelajakda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz.

    IT-park rezidentlari soni o‘n barobar ko‘payadi, kelgusida 100 ming yangi ishchi o‘rni yaratiladi. Bundan tashqari, uning bazasida xorijiy kompaniyalar uchun Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi yaratilmoqda.

    Bu borada Saudiya Arabistonining “Data Volt” kompaniyasi bilan “yashil” energiya asosida ishlaydigan “Ma’lumotlar markazi”ni barpo etayapmiz. Bu mamlakatimizni raqamli iqtisodiyotga o‘tkazish va sun’iy intellekt asosida texnologiyalarni joriy etishga ulkan turtki bag‘ishlaydi, deb hisoblaymiz.

    Beshinchi yo‘nalish: transport infratuzilmasini rivojlantirish. Qulay va zamonaviy transport tizimlarini yaratish vazifasiga ustuvor e’tibor qaratayapmiz.

    Temir yo‘l sohasida tub islohotlar olib borilmoqda, tarmoqqa xususiy investorlarni jalb etish uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda. Pullik avtomobil va tezyurar temir yo‘llarni qurish bo‘yicha qo‘shma loyihalar ishlab chiqilmoqda.

    Toshkent, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlarini rivojlantirish va yangilarini qurish bo‘yicha salohiyatli xorijiy investorlar bilan hamkorlik loyihalari tayyorlanmoqda.

    Ma’lumki, biz xorijiy sheriklarimiz bilan birgalikda Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston va O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘llarini qurish bo‘yicha dastlabki ishlarni boshladik.

    Ushbu strategik loyihalar mintaqadagi geoiqtisodiy vaziyatni butunlay o‘zgartirib, Markaziy Osiyoni Shimol va Janub, Sharq va G‘arb bilan bog‘laydigan global tranzit markaziga aylantiradi.

    Biz investorlarni va xalqaro tashkilotlarni bu yirik mintaqaviy loyihalarda qatnashishga, Buyuk Ipak yo‘lini zamonaviy asosda qayta tiklashga taklif qilamiz.

    Aziz do‘stlar!

    Yangi O‘zbekiston – beqiyos imkoniyatlarga ega, adolatli va jadal rivojlanayotgan dunyoviy mamlakatdir.

    Biz har kuni hayotga tatbiq etayotgan ulkan g‘oya va buyuk orzularimizning asosiy ilhom manbai – bu, eng avvalo, mehnatkash va olijanob xalqimizdir.

    Shuni alohida ta’kidlashni istar edimki, bugun bu yerda yig‘ilgan investorlar o‘zlarining eng ilg‘or texnologiya va tajribalari, yangi taklif va yondashuvlari bilan bizni faqat olg‘a yurishga undaydi.

    Sizlarga muhim bir fikrni yetkazmoqchiman: har bir tashabbus, har bir loyihangiz bo‘yicha davlatimiz, hukumatimiz a’zolari sizlarga yelkadosh bo‘lib, yoningizda turib, ularni to‘liq amalga oshirishda yaqindan yordam beradi.

    Shunday qilsak, sizlarga ma’qul bo‘ladi, deb o‘ylayman.

    Investitsiyalar – bu mamlakatimiz transformatsiyasining lokomotivi va iqtisodiy taraqqiyotimizning mustahkam drayveridir.

    Hech shubhasiz, bugungi Xalqaro investitsiya forumi va sermahsul muzokaralar amaliy hamkorligimizni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqishiga ishonaman.

    Barchangizga anjumanimizda ishtirok etayotganingiz uchun yana bir bor tashakkur izhor etaman.

    E’tiboringiz uchun katta rahmat.