Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Avvalambor, ushbu sammitga taklif qilganlari uchun aziz birodarim, Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon A’lo Hazratlariga samimiy minnatdorlik izhor etaman.
Nufuzi yil sayin oshib borayotgan “Abu-Dabi Barqaror rivojlanish haftaligi” Amirliklarning jadal taraqqiyot, innovatsiyalar, “yashil” iqtisodiyot va mintaqaviy bog‘liqlikni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro muloqot markazlaridan biriga aylanib borayotganining o‘ziga xos ifodasidir.
Bu go‘zal diyorda “COP-28” – Jahon iqlim sammiti g‘oyat sermahsul va muvaffaqiyatli o‘tgani ham buning yana bir yaqqol tasdig‘idir.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Bugungi kunda energetika manbalarini diversifikatsiya qilish, ularning balansida uglevodorod ulushini keskin kamaytirish – iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, barqaror rivojlanish va global xavfsizlikni ta’minlashning asosiy shartidir.
Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadi – ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy o‘sishning resurslar tejamkorligiga asoslangan “yashil” rivojlanish modeliga o‘tishdir.
Shu bois 2025-yilni O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qildik.
Kam uglerodli rivojlanish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya va “yashil” moliyalashtirish milliy dasturini ishlab chiqdik. Investitsiya loyihalarida “yashil” komponentlarni kelgusi besh yilda 50 foizgacha ko‘paytiramiz.
Shuningdek, Zararli gazlarni monitoring qilish va Milliy emissiya savdo tizimlarini joriy etamiz. 2030-yilgacha zararli chiqindilarni 35 foizga qisqartirish va bu majburiyatni doimiy oshirib borishni reja qilganmiz.
“Yashil makon” dasturi doirasida shaharlar hududlarining kamida 30 foizi ko‘kalamzor maydonlarga aylantiriladi. Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni 100 foiz tatbiq etish bo‘yicha tizimli ishlar qilyapmiz.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Tez sur’atlarda o‘sib borayotgan iqtisodiyotimizning energetikaga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish uchun biz “yashil” quvvatlarni jadal rivojlantiryapmiz.
O‘tgan 5 yilda energetika sohasiga qariyb 20 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilindi va 9,6 gigavatt zamonaviy energiya quvvatlari ishga tushirildi. Jumladan, 3,5 givattli 14 ta quyosh, shamol elektr stansiyalari va 300 megavattli 2 ta saqlash tizimlari ishga tushirildi.
Hozirda xorijiy hamkorlar bilan qiymati 26 milliard dollardan ziyod va umumiy quvvati 24 gigavatt bo‘lgan 50 dan ortiq yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. 2030-yilga qadar mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazishni reja qilganmiz.
Bugungi kunda “yashil” taraqqiyot O‘zbekistonda umummilliy harakat darajasiga ko‘tarildi.
Mazkur yo‘nalishda mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirib, Markaziy Osiyoni “yashil” iqtisodiy rivojlanish va “toza energiya” markazlaridan biriga aylantirish niyatidamiz.
Qadimgi Buyuk ipak yo‘lini o‘zaro energetik bog‘liqlik orqali tiklash yo‘lida ham ilk qadamlarni tashladik. Yaqinda “COP-29” doirasida qozog‘istonlik va ozarbayjonlik hamkorlarimiz bilan imzolangan ko‘p tomonlama bitim Yevropaga “yashil” energiyani eksport qilish imkoniyatini beradi.
Shuni alohida qayd etmoqchimanki, “yashil” energiya sohasida Birlashgan Arab Amirliklari bizning ishonchli va strategik hamkorimizdir. So‘nggi yillarda Amirliklar bilan investitsiyalar portfeli 26 milliard dollardan oshdi. Ular orasida qayta tiklanuvchi energetika loyihalari asosiy lokomotiv bo‘lmoqda.
Bugungi global sammit tashkilotchisi – “Masdar” kompaniyasi bilan umumiy quvvati 1,5 gigavatt bo‘lgan 5 ta elektr energiya obyektini ishga tushirdik. Yana 1,6 gigavattga teng 3 ta generatsiya loyihasi va qariyb 520 megavatt soat energiya saqlash tizimlari barpo etiladi.
Bu kabi loyihalarni Amirliklarning boshqa yetakchi kompaniyalari hamda Saudiya Arabistoni, Qatar, Turkiya, Xitoylik sheriklarimiz bilan ham amalga oshiryapmiz.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Biz Markaziy Osiyoning quyosh, suv, shamol energiyasi hamda “yashil” vodorodni ishlab chiqarish bo‘yicha ulkan salohiyatini birgalikda rivojlantirishdan manfaatdormiz.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, faqat O‘zbekistonning o‘zida 500 gigavatt quyosh, 100 gigavatt shamol va 10 gigavatt gidroenergetika ishlab chiqarish salohiyati mavjud.
Mintaqamiz ulkan uran va o‘ta muhim strategik xomashyo zaxiralariga boy. Bu yo‘nalishda har bir xorijiy hamkorimizga barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz.
Anjumanimizda ishtirok etayotgan nufuzli ilmiy markazlar, ekspert va olimlarni Toshkentda ochilgan “Yashil” universitet bilan tadqiqotlar va innovatsiya dasturlarini amalga oshirishda faol hamkorlikka chaqiramiz.
Mazkur Universitet negizida Yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro ilmiy tadqiqot tarmog‘ini yaratishni taklif etmoqchiman.
Shu bilan birga, biz Dubay va Bokuda bo‘lib o‘tgan “COP-28” va “COP-28” sammitlari va xalqaro forumlarda global iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun Iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markazni ta’sis etish, daryo ekotizimlari xavfsizligini ta’minlash, Suv tejovchi texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil qilish, O‘simliklar genetik resurslari bankini yaratish tashabbuslarini ilgari surdik va barcha hamkorlarimiz bilan amaliy ishlarni boshlashga tayyormiz.
Joriy yil O‘zbekistonda o‘tishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyoning global iqlim muammolariga bag‘ishlangan konferensiyada umummintaqaviy Yashil taraqqiyot konsepsiyasini taqdim etamiz.
Shuningdek, 15-may – Xalqaro iqlim kunida Orolbo‘yi mintaqasida bo‘ladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global yoshlar festivaliga vakillaringizni taklif etamiz.
Hurmatli do‘stlar!
Yangi O‘zbekiston barqaror rivojlanish va “yashil” taraqqiyot yo‘lida butun dunyoga ochiqdir va barchangizni keng ko‘lamli amaliy hamkorlikka chaqiramiz.
So‘zimning yakunida anjuman ishiga katta muvaffaqiyatlar tilab qolaman.