Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xorijiy davlatlar elchilarini qabul qildi

    Hukumat 16 Oktabr 2020 4686

    Bugun “Koʻksaroy” qarorgohida xorijiy davlatlarning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari, Eron Islom Respublikasi, Ukraina, Italiya Respublikasi, Isroil Davlati, Pokiston Islom Respublikasi va Hindiston Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchilari Said al-Qamziy, Hamid Nayrobodiy, Nikolay Doroshenko, Agostino Pinna, Zexavit Ben Xillel, Said Ali Asad Gʻiloniy va Manish Prabxatdan yorliqlarni qabul qildi.

    Davlatimiz rahbari elchilarni Oʻzbekistondagi diplomatik faoliyatini boshlagani bilan samimiy tabriklab, ularga ikki tomonlama munosabatlarni yana-da rivojlantirish va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi sharafli va masʼuliyatli vazifada katta muvaffaqiyatlar tiladi.

    Prezidentimiz oʻz nutqida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, shu jumladan, koronavirus infeksiyasi global miqyosda tarqalishining oqibatlarini yengib oʻtish boʻyicha koʻrilayotgan inqirozga qarshi choralar dasturiga alohida toʻxtaldi.

    Oʻzbekiston oʻzaro ishonch va hurmat, teng huquqlilik va manfaatlarni hisobga olish, ochiqlik va yaxshi qoʻshnichilik tamoyillari asosida konstruktiv va pragmatik tashqi siyosatni olib borishda qatʼiy ekani qayd etildi.

    Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Yevropa mamlakatlari, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo davlatlari bilan koʻp qirrali aloqalar va sheriklikni mustahkamlash ustuvor yoʻnalish ekani taʼkidlandi.

    Ayni paytda iqtisodiy diplomatiyani ilgari surish – savdo va investitsiyalar, yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport va logistika, bank-moliya kabi muhim yoʻnalishlarda hamkorlik qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

    Bundan tashqari, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar doirasidagi izchil va sermahsul hamkorlik mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yangi elchilar vakillik qilayotgan davlatlar rahbarlariga Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh organlaridan biri – Inson huquqlari boʻyicha kengashda mamlakatimiz aʼzoligini qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. Ushbu tarixiy voqea yurtimizda huquqni himoya qilish sohasida erishilgan muvaffaqiyatlarning xalqaro miqyosdagi keng eʼtirofidir.

    Tadbirda davlatimiz rahbari diplomatlarga murojaat qilar ekan, tegishli xorijiy sheriklar bilan ikki tomonlama aloqalarning asosiy yoʻnalishlari va istiqbollarini qayd etdi.

    Xususan, mamlakatimizning Birlashgan Arab Amirliklari bilan anʼanaviy doʻstona va yaqin munosabatlari oliy darajadagi muntazam muloqotlar tufayli prinsipial jihatdan yangi bosqichga koʻtarilgani taʼkidlandi.

    Bugungi kunda Masdar, Mubadala, DP World kompaniyalari, Abu-Dabi taraqqiyot fondi va boshqalar ishtirokida umumiy qiymati 4 milliard dollarlik qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish faol pallaga kirdi. Ular muqobil energetika, infratuzilma, kimyo tarmogʻi, qishloq xoʻjaligi, transport-logistika sohalarini qamrab olgan.

    Davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish sohasida dasturlar hamda Orolboʻyida ijtimoiy ahamiyatli loyihalar bajarilmoqda.

    Oʻzbekiston Eron bilan hamkorlikdagi katta salohiyatni roʻyobga chiqarishdan manfaatdor ekani bildirildi.

    Prezidentlar ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarni kengaytirishga katta eʼtibor qaratayotgani taʼkidlandi.

    Tovar ayirboshlashni oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, sanoat va qishloq xoʻjaligida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, Eron bandargohlari orqali yuk tashishlarni tashkil etish masalalari ayniqsa dolzarbdir. Bundan tashqari, xavfsizlik sohasida muntazam muloqot olib borilmoqda.

    Ukraina mamlakatimizning anʼanaviy hamkoridir. Shavkat Mirziyoyev keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarda faollashuv kuzatilayotganini taʼkidladi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, muhim iqtisodiy va gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.

    Shu bilan bir qatorda, eksport-import, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, toʻqimachilik va agrar tarmoqlarda, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirish istiqbollari mavjud.

    Ulkan iqtisodiy va madaniy salohiyatga ega Italiya mamlakatimizning Yevropa Ittifoqidagi asosiy sheriklaridan biri.

    Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, ikki tomonlama munosabatlar va koʻp tomonlama hamkorlikni, shu jumladan “Italiya - Markaziy Osiyo” vazirlar uchrashuvlari formatida va xalqaro tashkilotlar doirasida mustahkamlab borish zarur.

    Savdo-iqtisodiy yoʻnalishda Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan metallurgiya, qishloq xoʻjaligi, qurilish materiallari tarmogʻi va boshqa sohalarda muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, umumiy qiymati qariyb 5 milliard dollarlik istiqbolli qoʻshma loyihalar portfeli tayyorlanmoqda.

    Gumanitar sohada oliy taʼlim va madaniy almashinuv borasida muhim dasturlar ilgari surilmoqda.

    Oʻzbekiston va Isroilni anʼanaviy sheriklik munosabatlari yaqindan bogʻlab turadi. Konstruktiv siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va ilmiy-texnik aloqalarni faollashtirish hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida qayd etildi.

    Yuqori texnologiyalar, energiya va resurslarni tejovchi yechimlarni joriy etish, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika va tibbiyot, taʼlim, turizm sohalarida kooperatsiyani kuchaytirish taklif etildi.

    Oliy darajadagi uchrashuvlar hamda siyosiy maslahatlashuvlarni muntazam oʻtkazish, ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya faoliyatini boshlash ushbu maqsadlarga xizmat qiladi.

    Oʻzbekistonning Pokiston bilan koʻp qirrali hamkorligi izchil rivojlanmoqda. Bugungi kunda mamlakatlarimiz xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham faol hamkorlik qilmoqda.

    Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasi yaqinda Islomobod shahriga amalga oshirgan tashrifining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro kelishuvlarga muvofiq ikki tomonlama savdo hajmini oshirish borasida, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, toʻqimachilik va charm sanoatida yangi imkoniyatlar oʻrganilmoqda.

    Markaziy va Janubiy Osiyoni samarali bogʻlaydigan transport va tranzit boʻyicha muhim infratuzilma loyihalari tayyorlanmoqda.

    Prezidentimiz oliy darajadagi muntazam muloqotlar tufayli keyingi yillarda Oʻzbekiston-Hindiston munosabatlarida erishilgan darajani mamnuniyat bilan qayd etdi.

    Oʻtgan yili Samarqandda Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlarining birinchi uchrashuvi muvaffaqiyatli oʻtdi.

    Pandemiyaga qaramay, tovar ayirboshlash koʻpaymoqda, hududlar va tadbirkorlar darajasidagi jadal almashinuvlar davom etyapti, birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan, Hindiston investitsiyalarini jalb etgan holda, taʼlim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, tibbiyot va farmatsevtika sohalaridagi ustuvor loyihalar ilgari surilmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz nutqini yakunlar ekan, yangi tayinlangan elchilar oʻzlarining faol va sermahsul faoliyati bilan mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishga katta hissa qoʻshishlariga ishonch bildirdi.

    Suhbat chogʻida elchilar davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor etib, Oʻzbekiston bilan sheriklikda sifatli yangilanishga erishish hamda munosabatlar kun tartibini yangi va aniq mazmun bilan boyitishga bor kuch-gʻayratini safarbar qilishini qayd etdilar.